Yetti chaqaloqning qotili bo‘lgan hamshiraga hukm o‘qildi

Olam

image

Avvalroq britaniyalik hamshira o‘zi ishlaydigan tug‘uruqxonada yetti chaqaloqni qastdan o‘ldirgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 21 avgust kuni Manchester sudi yetti nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqni o‘ldirishda aybdor deb topilgan hamshira Lyusi Letbini afv etish yoki shartli ravishda ozod qilish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qoralovchi tomon ayblanuvchining harakatlarini ongli ravishda sadizm deb baholab, aynan shunday hukm so‘ragan. Hakamlar hay’ati esa ayblov va daliliy hujjatlar xulosasidan kelib chiqqan holda, mazkur talabni qanoatlantiruvchi qarorni qabul qilgan. Sobiq hamshira Lyusi Letbi ushbu hukm e’lon qilinish vaqtida sud zalida bo‘lishdan bosh tortgan.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak uning qurbonlarning oila a’zolari ko‘ziga qarashdan bosh tortganini sharmandali qo‘rqoqlik deb atab, hukumat qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishi hamda mahkumlar hukm vaqtida sud zalida bo‘lishini ta’minlashiga va’da bergan.

Shuningdek, sudya Jastis Goss mahkumga murojaatini u xuddi sud zalida bo‘lgandek o‘qib eshittirgan.

“Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayoti boshlangan zahoti to‘xtatildi, ularning yaqinlari hayoti esa abadiy vayron bo‘ldi. Bunday qilmish sababi faqat sening o‘zingga ma’lum”, degan sudya Goss.

Aytish joiz, Letbi Angliya huquqi tarixida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan to‘rtinchi ayol hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Britaniya tizimida umrbod qamoq jazosining ikki turi mavjud.

Ulardan biriga ko‘ra (life sentence) mahkumni muddatidan oldin ozod etish huquqi bo‘ladi. Hukmni o‘qib eshittirish chog‘idayoq sudya mahkum apellyatsiya berish huquqiga ega bo‘lguniga qadar qancha vaqt qamoqda qolishi lozimligiga aniqlik kiritadi.

Ikkinchi jazo turi (life order) og‘irligi va ijtimoiy zarariga ko‘ra favqulodda jinoyat sodir etilgan taqdirda, asosan seriyali qotilliklar uchun qo‘llaniladi. Bunda mahkum muddatidan oldin ozodlikka chiqish va afv etilish huquqiga ega bo‘lmaydi, bunga faqat istisno holatlar sabab bo‘lishi mumkin.

Hamshira Letbi qanday jinoyatlarda aybdor deb topilgan? 

2015 yil oktyabr oyida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limining yetakchi maslahatchisi doktor Stiven Berri birinchi marta Letbining xatti-harakatlaridan xavotirda ekanini aytgan. Ammo unga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan. Shundan so‘ng, u yana ikkita chaqaloqning hayotiga zomin bo‘lgan.

Jabrlanuvchilarning ismi sud tomonidan oshkor qilinmagan, biroq qotil "hamshira" tomonidan besh o‘g‘il va ikki qiz o‘ldirilgani ma’lum.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Letbi politsiya tomonidan 2018 va 2019 yillarda ham tergov ishlari munosabati bilan ikki marta hibsga olingan va qayta qo‘yib yuborilgan. U 2020 yil noyabr oyida yana hibsga olindi. Uning uyi tintuv qilinganida xat chiqqan.

“Men yashashga loyiq emasman. Men ularni qasddan o‘ldirdim. Men dahshatli, yovuz odamman”, deb yozgan u xatida.

 


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Britaniya Lyusi Letbi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing