Yetarlicha sharoitlar yaratib berildi, barcha ayb o‘zimizda — Davlat Bobonov

Sport

image

Bugun, 19 avgust kuni Tokio-2020 Olimpiadasi yakunlari va sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida dzyudo bo‘yicha bronza medali sovrindori Davlat Bobonov QALAMPIR.UZ  muxbirining quyidagi savoliga javob berdi:

“Boks sportida bo‘lgani kabi eng ko‘p medal o‘zbekistonlik dzyudochilardan ham kutilgan edi. Lekin aksariyat sportchilar, birinchi va ikkinchi bosqichda mag‘lub bo‘ldi. Siz ular bilan birga edingiz, ushbu mag‘lubiyatlarni nima bilan izohlaysiz?”

“Savol uchun rahmat. To‘g‘ri, biz Olimpiada oldidan Yaponiyaning Maizuru shahrida dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Yoqubjonovich bilan birgalikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazdik. Haqiqatan ham, dzyudochilarimizning jismoniy holatini inobatga olib, ko‘proq medal kutgan edik. Olimpiada umuman boshqa darajadagi musobaqa ekan. Yigitlarning barchasi Olimpiya o‘yinlarida ilk marta ishtirok etdi. 

Sportchilar medal qo‘lga kiritishni hammadan ko‘proq istaydi. Har qadamda Olimpiada medali haqida o‘yladik va mas’uliyatni his qilib turgan edik. Agar sal yengilroq qaraganimizda, balki medallarning soni va sifati ham bundan-da yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Chorak finalda gruziyalik Lasha Bekauriga mag‘lub bo‘ldim, lekin uni Germaniyadagi “Katta dubulg‘a” turnirida bir necha soniya ichida mag‘lub etgandim. Raqibimning libosini ushlagan paytda uning havotiri sezilib turgan edi. G‘alabaga ishonchim yanada ortdi. Hakamlar esa, menga g‘irrom bahosini berishdi. Ularning qarorini muhokama qilmoqchi emasman. Chunki yetarlicha sharoitlar yaratib berildi, barcha ayb esa o‘zimizda”, deydi Davlat Bobonov.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning eng yaxshi sportchisi Davlat Bobonov Tokio Olimpiadasida -90 kg vazn toifasida turkiyalik Mixael Zgankni “ippon” bahosi evaziga mag‘lub etib, bronza medalga sazovor bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

MOQ Dzyudo Tokio-2020 Davlat Bobonov

Baholaganlar

268

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing