Yoshlarni mas’uliyatli lavozimga qo‘yishdan cho‘chimaslik kerak – Prezident
Jamiyat
−
14:38 650 2 daqiqa
O‘zbekistonda salohiyatli yoshlar juda ko‘p. Vazir va hokimlar yoshlarga ishonch bildirib, mas’uliyatli lavozimga qo‘yishdan cho‘chimasligi kerak. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, yoshlar uchun kasb va til o‘rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik bo‘yicha o‘nlab xizmatlar mavjud. Bu xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun Yoshlar xablari tashkil etiladi. Ushbu tajriba Surxondaryodan boshlanib, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham ommalashtiriladi.
Hozirda 87 ming davlat xizmatchisidan 16,5 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. Shundan 902 nafari rahbarlik lavozimida ishlamoqda.
“Salohiyatli yoshlarimiz juda ko‘p. Vazir va hokimlar yoshlarga ishonch bildirib, mas’uliyatli lavozimga qo‘yishdan cho‘chimasligi kerak”, deydi Prezident.
Shu maqsadda yosh liderlarni aniqlash bo‘yicha 5 ta yo‘nalishda “TOP-100” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida “yangi iqtisodiyot”, AT va sun’iy intellekt, ta’lim, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yurtimizdagi yoshlar hamda chet eldagi vatandoshlarimiz uchun ochiq tanlov e’lon qilinadi.
Har ikki yilda bir marta o‘tadigan mazkur tanlovning 100 nafar g‘olibi 50 million so‘mdan mukofotlanadi va rahbarlik lavozimiga tayinlanadi.
Har bir vazirlik va tarmoq o‘z yo‘nalishida “TOP-100” iqtidorli yoshlar” dasturini boshlaydi va o‘z yo‘nalishidagi xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi.
Mutasaddilarga yiliga 2 ming nafar yoshni xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuborish bo‘yicha rejani tasdiqlash va ijrosini ta’minlash topshirilgan.
Live
Barchasi