Prezident “Yoshlar: 1+1” dasturini ma’qulladi. Ishsiz va uyushmagan yoshlar o‘qitiladi
Jamiyat
−
25 dekabr 2020
14297Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumiga tashrif buyurib, O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman bilan barchani tabrikladi. Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etilishini ma’lum qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etiladi. “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi. 2021 yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlashi mumkin bo‘lgan bu harakatni Prezident ma’qulladi.
“Hunarli kishi xor bo‘lmas”, deydi xalqimiz. Ammo keyingi paytda farzandlarimizning mohir hunarmandlar qo‘lida kasb-hunar o‘rganishiga yetarli e’tibor berilmayapti. Vaholanki, ustoz ko‘rgan o‘g‘il-qizlarimiz domlasiga munosib bo‘lishga intiladi, ularning ko‘magi bilan hayotda o‘z o‘rnini topadi. Shu bois, hududlarda “ustoz-shogird” an’anasini kuchaytirsak, o‘ylaymanki, nur ustiga nur bo‘ladi. Bu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident forumda erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tajriba asosida, hududlarda Yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishini e’lon qilgan. Bu sanoat zonalarida o‘sib kelayotgan avlod vakillarining biznes loyihalari joylashtiriladi.
Xabarga ko‘ra, yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etiladi va unga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Jamg‘arma yoshlarning loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida beriladi.