Yer orbitasiga 60 ta internet-sun’iy yo‘ldoshi olib chiqiladi
Texnologiya
−
22 yanvar 2020 6753 1 daqiqa
SpaceX kompaniyasi 24 yanvar, juma kuni 60 ta Starlink internet-sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaning Twitter’dagi rasmiy mikroblogida xabar qilingan.
Kompaniya Falcon 9 tashuvchi-raketasini 24 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 10:52 da (Toshkent vaqti bilan 20:52) uchirishni rejalashtirmoqda. Shu bois ob-havo diqqat bilan kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun, Starlink – bu Yer aholisiga keng miqyosda internetga kirish imkoniyatini beradigan yangi avlod sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i hisoblanadi. Loyihani amalga oshirish ishlari 2018 yilning 22 fevral kuni boshlangan. O‘shanda Falcon 9 tashuvchi-raketasi sinov tariqasida Tintin-A va Tintin-B internet-sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga olib chiqqan edi. Jami bo‘lib 12 mingga yaqin ana shunday su’niy yo‘ldoshni fazoga olib chiqish rejalashtirilgan. SpaceX kompaniyasi ushbu loyihaning qiymatini 10 milliard dollarga baholadi.
Sarvar Anvar o‘g‘li