YeOII davlatlari rahbarlari Moskvada, Putin atrofida yig‘ildi. Muhim gaplar bor

Tahlil

image

Bugun, 24 may kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi “Zaryade” konsert zalida II Yevroosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi.

Mezbon mamlakat rahbari Vladimir Putin YeOIIga a’zo davlatlar (Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) doirasidagi iqtisodiy munosabatlar dinamikasi haqida gapirar ekan, u global inqiroz bilan bog‘liq pessimistik prognozlar o‘zini oqlamaganini ta’kidlagan.

“Raqamlar o‘z-o‘zidan gapiradi. Jahon iqtisodiyoti va savdodagi keng ko‘lamli inqiroz, sezilarli geosiyosiy xavflar va noaniqlik omiliga qaramay, 2022 yil uchun Yevroosiyo Ittifoqining umumiy yalpi ichki mahsuloti kamaydi, lekin atigi 1,6 foizga.  Biroq ba’zi ekspertlar butunlay boshqacha ssenariyni, ko‘chki ssenariysini bashorat qilishgandi. Bunday narsa bo‘lmagan va bundan keyin ham bo‘lmasligi aniq”, deb ishontirgan Putin.  

Shuningdek, u bugungi kunda yangi barqaror logistika zanjirlarini barpo etish va xalqaro yo‘nalishlarni jadal rivojlantirish dolzarbligi oshayotganini ta’kidlagan. Shuning uchun ham, u Moskva bu ishga YeOII doirasida ham, undan tashqarida ham, jumladan, "Shimol-Janub" koridori loyihasida ham katta ahamiyat berayotganini bildirgan. 

Forumda so‘zga chiqqan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya va Belarus ittifoq davlati mavjudligiga e’tibor qaratgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ittifoqning konseptual va mafkuraviy asosi juda jiddiy – bu belarus va rus xalqlarining tarixiy hamjamiyatini, madaniy, til, diniy o‘ziga xosligini o‘zaro tan olishdir.

“Bizda, YeOIIda ittifoq davlati mavjud. Ya’ni jahon siyosiy tarixida o‘ziga xos pretsedent yoki hodisa yaratildi. “Ikki davlat – bir davlat” formulasi bo‘yicha yagona siyosiy, huquqiy shaklga ega bo‘lgan, yagona ittifoq hukumati va yagona ittifoq parlamenti bilan ittifoq davlati vujudga kelmoqda. Va hatto yadroviy qurol ham hozir ikkiga bitta”, degan To‘qayev.

U Moskva va Minskni birlashtiruvchi omillarni sanab o‘tar ekan, Rossiya va Belarus yetakchilari bilan qo‘l berib ko‘rishgan.

“Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston vakillik qiladigan integratsiyaning yana bir darajasi bor va biz bu voqelikni hisobga olishimiz kerak. Bunday sharoitda qanday ishlashimiz konseptual masala. O‘ylaymanki, biz ushbu iqtisodiy forumda bu muammoni muhokama qilishimiz kerak”, deya xulosa qilgan Qozog‘iston rahbari.

Tadbirda qatnashgan Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko esa YeOII mamlakatlari o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yagona integratsiyalashgan axborot tizimini yaratishi kerakligini aytgan.

“Ittifoqning raqamli kun tartibi jiddiy yangilanishni taqozo etadi, bu birinchi navbatda ittifoqimiz davlatlarining axborot resurslari va tizimlarining birgalikda ishlashini ta’minlaydigan yaxlit axborot tizimiga taalluqlidir”, degan Lukashenko.

Uning ta’kidlashicha, tizim avvalgidek amerikaliklar yoki g‘arbiy yevropaliklar tomonidan emas, balki ittifoq mamlakatlari tomonidan yaratilishi va nazorat qilinishi kerak.

“Bizda kadrlar tayyorlandi va moddiy-texnik baza mavjud. Axborot xavfsizligi sohasida Yevroosiyo kun tartibini ishlab chiqishni boshlash kerak. Axborot siyosati masalalari YeOII to‘g‘risidagi shartnoma bilan hali tartibga solinmaganini qayd etaman. Bu kamchilikni bartaraf etish kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Belarus rahbari.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa Yevroosiyo reyting agentligining tashkil etilishi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarida investitsiya faolligini rivojlantirish va ularning moliyaviy mustaqillik darajasini oshirish imkonini berishini aytgan.

“Yevroosiyo reyting agentligining tashkil etilishi tadbirkorlik sub’ektlari duch keladigan cheklovlarni bartaraf etish bilan birga, Yevroosiyo mintaqasi davlatlarining moliyaviy mustaqillik darajasi va sarmoyaviy faollikni oshirishga xizmat qiladi”, degan Qirg‘iziston rahbari.

Japarovning ta’kidlashicha, YeOII iqtisodiy rivojlanishning o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan qutbiga aylanib bormoqda va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondira oladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning 2023 yilda tashkilotga raisligi munosabati bilan YeOII rahbarlariga murojaatida Yevroosiyo reyting agentligini yaratish imkoniyatlarini o‘rganishni maqsadga muvofiq deb hisoblashini aytgan. Bungacha Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov forum yakunlanganidan keyin davlat rahbarlari Kremlda norasmiy tushlik qilishlari, unda norasmiy muloqot davom etishini ma’lum qilgan. Ertaga, 25 may kuni Putin va YeOII davlatlarining boshqa rahbarlari Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etishi e’lon qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva Putin Aleksandr Lukashenko Sadir Japarov To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing