Yonilg‘i taqchilligi sabab Moldovada favqulodda holat e’lon qilindi

Olam

image

Ukrainaning Rossiyadagi Novorossiysk portiga qilgan hujumlari va Dunaydagi suv sathining pasayishi Moldovada yonilg‘i ta’minotiga ta’sir qildi. Mamlakatda dizel taqchilligi yuzaga kelib, hukumat favqulodda chora ko‘rishga majbur bo‘ldi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Moldova Bosh vaziri Vasile Tofan hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Men energetika sohasida 30 kun muddatga milliy favqulodda holat e’lon qilishni taklif qilaman”, degan Moldova Bosh vaziri Vasile Tofan.

Favqulodda holat davrida Energetika vazirligi inqirozli vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha mas’ul organ etib belgilanadi. Vazirlik boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda yuzaga kelgan muammoni hal qilish choralarini ko‘radi.

Tofanning aytishicha, ta’minot zanjirida bir qator inqirozlar yuzaga kelgan. Bu, ayniqsa, dizel yonilg‘isi sohasida murakkab vaziyatga olib kelgan. Bunga Novorossiyskdagi bir nechta terminallarning zararlangani sabab bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston neft eksportining qariyb 80 foizi Novorossiysk orqali o‘tadi. Qozog‘iston nefti esa Ruminiyadagi Petromidia neftni qayta ishlash zavodi uchun asosiy xomashyo manbalaridan biri bo‘lib, ushbu zavod mintaqadagi yirik dizel yonilg‘isi ishlab chiqaruvchilardan hisoblanadi.

Bundan tashqari, Moldova Dunay daryosi orqali katta hajmda dizel yonilg‘isi import qiladi. Biroq daryoda suv sathi pasaygani sabab ayrim kemalar yonilg‘ini mamlakatga belgilangan muddatda yetkazib bera olmagan.

Avvalroq, “Fermerlar kuchi” uyushmasi Moldovada yonilg‘i taqchilligi bir haftaga yaqin davom etayotgani va bu holat hosil yig‘im-terimi jarayonlariga ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi yonilg‘i quyish shoxobchalarining qariyb 10 foizida dizel yonilg‘isi tugagan. Shu bilan birga, oddiy avtomobillar uchun xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarda vaziyat barqaror ekani, navbatlar kuzatilmayotgani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 iyul kuni dronlar Novorossiysk yaqinidagi KQK dengiz terminali va ikkita tankerga hujum qildi. Konsorsium sodir bo‘lgan voqeani “terrorchilik hujumi” deb atadi va bu uning ob’ektlariga qilingan beshinchi hujum ekanini ma’lum qildi. KQK Qozog‘istonning Tengiz, Qashag‘an va Qarachag‘anaq konlaridan neft tashiydi. 2025 yilda terminal orqali taxminan 70,5 mln tonna neft o‘tkazilgan. KQK quvuri orqali dunyo neftining deyarli 2 foizi eksport qilinadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing