YeIga a’zolik Turkiya uchun endi ustuvor vazifa emas – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish Anqara uchun endilikda ustuvor vazifa emasligini ma’lum qildi. Bu haqda u “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Turkiyani o‘z safiga qabul qilishga tayyorligini ko‘rsatmayapti. U, shuningdek, Bryusselning bunday yondashuvi oqibatida Yevropaning o‘zi “yutqazuvchi” tomonga aylanishini ta’kidlagan.

U, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Trampdan F-35 qiruvchi samolyotlari bo‘yicha va’da olganini va unga amal qilinishini kutayotganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Turkiya 1999 yilda Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomini olgan edi, biroq o‘shandan beri tomonlar o‘rtasida turli masalalar bo‘yicha bir necha bor kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. A’zolik bo‘yicha rasmiy muzokaralar 2005 yilda boshlangan. 2024 yilda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Turkiya o‘zini Yevropa Ittifoqiga qabul qilishlarini kutib o‘tirmasligini, balki boshqa “tarixiy yo‘llarni” izlashini ma’lum qilgan.

2023 yilning may oyida Yevroparlamentdagi yetakchi fraksiya – Yevropa xalq partiyasi rahbari Manfred Veber Bryussel va Anqara Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini xohlamayotganini aytib, muzokaralarni to‘xtatishga chaqirgan. Keyinchalik Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Bryusseldan hech qanday umidi yo‘qligini va uning Anqaraga nisbatan xolis emasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya YeIga bergan barcha va’dalarini bajargan, biroq blokning o‘zi “o‘z va’dalaridan birortasini ham bajarmagan”. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing