YeI Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha rejasini ishlab chiqdi 

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni har tomonlama hal etish rejasini ishlab chiqdi. Bu haqda YeI tashqi siyosat xizmati tomonidan tayyorlangan hujjat loyihasiga tayanib, “Euractiv” portali xabar berdi.

“Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda hamda aniq qiyinchiliklar va noaniqliklarga qaramay, Isroil-Falastin o‘rtasida keng qamrovli tinchlik o‘rnatishga tayyorgarlik ko‘rish vaqti keldi”, deyiladi hujjat loyihasining kirish qismida.

Qayd etilishicha, 10 banddan iborat reja yakunda G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish, mustaqil Falastin davlatini yaratish, Isroil va arab dunyosi o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish va mintaqada uzoq muddatli xavfsizlikni kafolatlashi mumkin bo‘lgan bir qancha qadamlarni ko‘rsatadi.

YeIning kelajakdagi tinchlik yo‘l xaritasining asosiy elementi Yevropa Ittifoqi, AQSH, Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Arab Ligasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotini o‘z ichiga olgan “Tinchlik uchun tayyorgarlik konferensiyasi”dir. Tinchlik konferensiyasida barcha manfaatdor tomonlarning fikr-mulohazalari, BMT rezolyutsiyalari, Yevropa Kengashining xulosalari va oldingi vositachilik harakatlari inobatga olingan holda tinchlik rejasi asoslarini ishlab chiqish uchun bir yil kerak bo‘ladi.

Loyiha tuzilgach, reja “mojaro tomonlari”ga taqdim etiladi va yakuniy muzokaralar uchun asos sifatida foydalaniladi.

"Ular (mojaro tomonlari) yakuniy matnni muzokara qilishlari kerak", deyiladi hujjatda.

22 yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida Yaqin Sharqdagi mojaro asosiy mavzulardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu uchrashuvda Yevropa Ittifoqining 27 davlati Tashqi ishlar vazirlari Isroil va Falastindan kelgan mavqedoshlari bilan muzokaralar olib boradi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrdan boshlangan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi urush butun Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirdi.

Eslatib o‘tamiz, 18 yanvar kuni Tel-Avivdagi matbuot anjumanida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH ma’muriyatiga har qanday shaklda Falastin davlati tashkil etilishiga qarshi ekanini yetkazganini aytgandi. Kecha, 19 yanvar kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Isroil Bosh vaziri bilan telefon suhbatidan so‘ng, falastinliklar uchun mustaqil davlat barpo etishga Binyamin Netanyaxu qarshi emasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Falastin Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing