YeI yaqin kunlarda Ukrainaga 2 milliard yevro yordam ajratadi
Olam
−
07 Oktabr 2022 4105 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi yaqin kelajakda Ukrainaga 2 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ko‘rsatish niyatida. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bugun, 7 oktyabr kuni Pragada bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqining norasmiy sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Yaqin kunlarda [Ukraina] yana 2 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam oladi”, deydi u.
Yevrokomissiya rahbari, shuningdek, YeI davlatlari Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishda davom etishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 44 davlat vakillari ishtirok etgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti Rossiyaning yakkalanib qolgani va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yo‘lida hamjihatlikni namoyish etgan.
“O‘ylaymanki, 44 mamlakat dolzarb muammolarni muhokama qilgan sammit tarkibi Rossiyaning bugungi kunda qanchalik yakkalanib qolganini va Ukrainani qanchalik kuchli qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatdi”, deydi u.
Sentyabr oyi boshida Ursula fon der Lyayen YeI Ukrainaga joriy yil boshidan beri Yevropaning alohida davlatlaridan yetkazib berish va ikki tomonlama yordamni hisobga olmaganda, 10 milliard yevro miqdorida harbiy, iqtisodiy va moliyaviy yordam ko‘rsatganini e’lon qildi. Iyun oyida YeI sammiti ishtirokchilari Kiyevga yana 9 milliard yevro ajratishga qaror qilgan, shundan hozirgacha 1 milliard yevro o‘tkazilgan. 20 sentyabrda YeI kengashi Ukrainaga imtiyozli kreditlar shaklida 5 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ko‘rsatishni ma’qullagan edi.
Live
Barchasi