YeI vazirlari Erdo‘g‘anning talabini muhokama qilish uchun yig‘ilyapti
Olam
−
18 iyul 2023 8025 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari joriy yilning 20 iyul kuni Bryusselda Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qiladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Aytilishicha, Bryusselda bo‘lib o‘tadigan vazirlar yig‘ilishida kun tartibidagi boshqa muhim masalalar bilan birga Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar ko‘rib chiqiladi.
Anonim qolishni istagan Yevropa Ittifoqidagi yuqori martabali mulozimning bildirishicha, Turkiya bilan munosabatlar Yevropa Ittifoqi uchun eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning YeIga kirish jarayoni vaqtincha to‘xtatilganiga qaramay, u hamon nomzod davlat hisoblanadi.
Manbaning eslatishicha, Yevropa Ittifoqining so‘nggi sammitida mamlakatlar yetakchilari Yevropa diplomatiyasi rahbari Josep Borreldan Turkiya bo‘yicha hisobot tayyorlashni so‘ragan. 20 iyulda bo‘ladigan yig‘ilishda hisobot yuzasidan dastlabki fikr almashilinadi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi BMT va Turkiyani “don kelishuvi” masalasida qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun ham Yevropa Ittifoqi don yo‘lagi loyihasini uzaytirish masalasida BMT va Turkiya bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida.
E’tiborli jihati shundaki, 20 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham onlayn ishtirok etadi.
Keltirilishicha, Blinken ishtirokidagi yig‘ilishda Turkiya bilan hamkorlikni, xususan, Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi bo‘yicha Anqaraning qaroridan keyingi vaziyat muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Vilnyusdagi NATO sammiti arafasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi Turkiyani YeIga to‘laqonli a’zo qilish uchun harakat qilsa, Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. Shundan so‘ng NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Prezident Jo Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Live
Barchasi