YeI Ukrainaga harbiy yordam uchun 5 milliard yevro ajratishga kelishib oldi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi davlatlari bir necha oylik muhokamalardan so‘ng 2024 yilda Ukrainaga kamida 5 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Belgiya hukumati ma’lum qildi. 

“Bu Ukrainani Rossiya agressiyasidan o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qurol va o‘q-dorilarni ta’minlashi kerak”, deyiladi Belgiya hukumati bayonotda.

Qaror Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari tomonidan shu yilning 18 mart kuni Bryusselda o‘tkaziladigan yig‘ilishda ma’qullanishi kerak.

Xabar qilinishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari Yevropa tinchlik fondini isloh qilish va uning hajmini oshirishga kelishib olgan. Fond mablag‘lari hisobidan Yevropa davlatlari Ukraina uchun harbiy tovarlarni birgalikda sotib olishni moliyalashtirishi va Kiyevga ikki tomonlama asosda ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun qisman tovon puli olishlari mumkin.

Qayd etilishicha, Germaniya va Fransiyaning talablari tufayli yordam ajratish bo‘yicha muzokaralar cho‘zilib ketgan. Mamlakatlarning Yevropa tinchlik fondiga hissalari Ukrainaga berilgan ikki tomonlama harbiy yordamning yarmini hisobga olgan holda amalga oshirilishiga qaror qilinganidan keyin Germaniya hukumati kelishuvni qo‘llab-quvvatladi.

Yevropa Ittifoqining eng yirik iqtisodiyoti sifatida Germaniyaning fonddagi ulushi 25 foizni tashkil qiladi. Berlin o‘z talabini Kiyevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘pincha Yevropa tuzilmalariga qaraganda tezroq va samaraliroq bo‘lishi bilan oqladi. Germaniya joriy yilda Ukrainaga 7 milliard yevrolik qurol-yarog‘, o‘q-dori va jihozlar yetkazib berishga va’da bergan. 

O‘z navbatida, Fransiya Yevropa tinchlik fondi mablag‘lari harbiy tovarlarni faqat Yevropa ishlab chiqaruvchilaridan sotib olishga sarflanishini ta’minlashga harakat qildi. Ularning fikricha, Yevropa firmalari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun uzoq muddatli buyurtmalarga muhtoj. Natijada Yevropa kompaniyalari buyurtmalarni ustuvor tarzda qabul qilishiga qaror qilindi. Agar ular mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib bera olmasa, qurol sotib olish Yevropa Ittifoqidan tashqarida, masalan, AQSH yoki Janubiy Koreyada amalga oshirilishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, Yevropa tinchlik jamg‘armasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanishidan oldin tuzilgan. Dastlab uning hajmi 2021 yildan 2027 yilgacha bo‘lgan davrda atigi 5 milliard yevroni tashkil qilgan. Urush boshlanganidan keyin jamg‘armaning hajmi 12 milliard yevroga ko‘tarildi, uning mablag‘larining 5,6 milliardi Ukrainaga yordam berish uchun ajratildi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina harbiy yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing