YeI Rossiyaga yordam berayotgan Xitoy kompaniyalariga sanksiya kiritmoqchi
Olam
−
08 may 2023
4439Yevrokomissiya ilk bor sanksiyalar ro‘yxatiga Xitoydan Rossiyaga harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan uskunalar yetkazib beruvchi 7 ta kompaniyani kiritdi. Bu haqda bugun, 8 may kuni “Financial Times” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 3HC Semiconductors, Sinno Electronics, King-Pai Technology va Sigma Technology kabi Xitoy kompaniyalari Rossiyaga uskunalar yetkazib bermoqda. Ro‘yxat yaqin kunlarda YeIga a’zo davlatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ushbu firmalarning ba’zilari allaqachon AQSH sanksiyalariga duchor bo‘lgan, biroq Yevropa Ittifoqi Pekin bilan qarama-qarshilikdan qochib, XXRning Moskvaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol-yarog‘ sotilgani haqida hech qanday dalil yo‘qligi sabab bunday qadamdan tiyilib kelayotgandi.
“Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi tomonidan foydalanish uchun elektron komponentlarning asosiy rolini hisobga olgan holda sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan uchinchi mamlakatlardagi ayrim sub’ektlarni, shuningdek, mamlakat harbiy-sanoat kompleksi uchun elektron komponentlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi Rossiya korxonalarini ham ro‘yxatga kiritish maqsadga muvofiq”, deyiladi Bryusselning jazo choralari bo‘yicha taklifida.
Sanksiyalar ro‘yxati kuchga kirishi uchun Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati bir ovozdan ma’qullashi kerak. Bundan tashqari, Yevrokomissiya Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi ba’zi Eron kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy etishni taklif qilmoqda.
Aytilishicha, YeI vakillarining bunday harakatlari Bryusselni “global ta’sir uchun kurashda” Oq uyni qo‘llab-quvvatlashdan har tomonlama to‘xtatib qolishga urinayotgan Pekinga yoqmasligi mumkin.
LiveBarchasi