YeI Rossiya gazidan voz kechish rejasini kelishib oldi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya tabiiy gazidan voz kechish rejasini ma’qulladi. Bu haqda bugun, 3 dekabr kuni Yevropa Kengashi saytida xabar berildi.

Erishilgan kelishuvga ko‘ra, Rossiyadan ushbu turdagi yoqilg‘ini xarid qilishga “huquqiy majburiy bosqichma-bosqich taqiq” joriy etiladi. 2026 yil oxiridan boshlab Rossiyadan suyultirilgan gaz olish to‘liq taqiqlanadi, 2027 yil kuzidan esa quvur orqali gaz importi ham to‘xtatiladi. Kengash ma’lumotiga ko‘ra, cheklov yangi reglament kuchga kirganidan olti hafta o‘tib amalda qo‘llaniladi, amaldagi shartnomalar uchun esa o‘tish davri nazarda tutiladi.

2025 yil 17 iyungacha tuzilgan qisqa muddatli bitimlar bo‘yicha taqiq 2026 yil 25 apreldan boshlab suyultirilgan gazga, 2026 yil 17 iyundan esa quvur gaziga nisbatan qo‘llanadi. YeIning Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalariga muvofiq uzoq muddatli suyultirilgan gaz importi bo‘yicha shartnomalar uchun taqiq 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Rossiyadan tabiiy gaz import qilish bo‘yicha uzoq muddatli bitimlar uchun taqiq Yevropa gaz omborlari yetarli darajada to‘ldirilgan taqdirda 2027 yil 30 sentyabrdan (va eng kechi 1 noyabrdan) kuchga kirishi belgilangan. Ayni paytda “Gazprom” YeIga urushdan avvalgi besh quvurdan faqat bittasi – “Turkiya oqimi” orqali gaz yetkazib bermoqda.

Bundan tashqari, hujjat (uni hali Yevropa Kengashi va Yevropa Parlamenti tasdiqlashi kerak) YeI mamlakatlarini gaz yetkazib berishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha milliy rejalar ishlab chiqishga hamda Rossiya gazidan voz kechish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni ko‘rsatishga majbur qiladi.

Dastlabki kelishuv Yevrokomissiyaning nazoratini kuchaytiradi: reglament kuchga kirganidan so‘ng bir oy ichida davlatlar Rossiyadan gaz import qilish bo‘yicha shartnoma mavjudligi haqida tashkilotni xabardor etishi shart bo‘ladi.

“Ushbu reglament Rossiya gaz yetkazib berishni qurolga aylantirgach paydo bo‘lgan energiya inqirozi ortidan YeIning REPowerEU yo‘l xaritasining asosiy elementi bo‘lib, Rossiya energiya resurslariga qaramlikni tugatishga qaratilgan”, deyiladi YeI bayonotida.

Ma’lumot uchun, Yevrokomissiya joriy yilning iyunida taqdim etgan rejada Rossiya gazidan 2027 yil oxirigacha to‘liq voz kechish taklif qilingandi. 2024 yilda YeI import qilgan suyultirilgan gazning qariyb 15 foizi Rossiya ulushiga to‘g‘ri kelgan, quvur gazini ham qo‘shganda, Rossiyaning umumiy ulushi 19 foizni tashkil etgan. YeI Kengashi hujjatiga ko‘ra, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 13 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa yiliga 15 milliard yevrodan ortiq hajm demakdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiya gazidan voz kechish muddatini ko‘chirib, buni 2027 yil yanvar oyigacha amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Rossiya gazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing