YeI MOni Rossiya va Xitoydan yaxshiroq ekaniga qanday ishontirmoqchi? (video)
Jamiyat
−
04 aprel
10004Bugun, 4 aprel kuni Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi oliy darajadagi rasmiy sammit yakunlangach, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen matbuot anjumani o‘tkazib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
“Xitoy va Rossiya uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoda faol. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarini o‘zining yaxshiroq hamkor ekaniga qanday ishontirmoqchi? Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga nima taklif qilishi mumkin?” deya Yevropa yetakchilariga yuzlandi jurnalistlardan biri.
Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning ushbu savolga javobi quyidagicha bo‘ldi:
“Rossiya uzoq vaqtdan beri ishonchli hamkor bo‘la olmasligini ko‘rsatmoqda. Aytish mumkinki, Yevropa Ittifoqi oldindan ishonchli va barqaror hamkorlik uchun ekanini isbotlagan. Yevropa Ittifoqi loyihalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, biz uchun hamkorlarimiz ham ulardan foyda olishi muhim. Yuqorida aytib o‘tilgan mamlakatlardan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqi, masalan, muhim xomashyo haqida gap ketganda, butunlay boshqacha sherikdir.
O‘tmishda Xitoy va Rossiya ko‘pincha xomashyo qazib olib, o‘z mamlakatlariga olib ketib, u yerda qayta ishlagan. Qo‘shimcha qiymat boshqa mamlakatda qo‘shilgan. Shunday qilib, qazib olingan mamlakatda qo‘shimcha qiymat qolmagan.
Bizda boshqacha yondashuv bor. Fikrimizcha, qo‘shimcha qiymatni mahalliy darajada yaratish juda muhim. Shunda u ish o‘rinlarini yaratadi va qo‘shimcha qiymat zanjiri ishlab chiqarilgan mamlakat ichida bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, bu istiqbolda uzoq muddatli hamkorlarimiz uchun va Yevropa Ittifoqi uchun ham yaxshiroq”.
Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta esa bu mavzuda quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning beshta davlati – biz ko‘p tomonlama tizimni qo‘llab-quvvatlash va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni himoya qilish muhimligi haqida bir xil qarashlarga egamiz. Bu juda muhim.
Qoidalarga asoslangan tartibning alternativi tartibsizlikdir va biz tartibsizlikdan qochishimiz kerak. Xalqaro huquq ustuvor bo‘lishi lozim. Bu osoyishtalikni, hududiy yaxlitlikni hurmat qilishni, xalqaro tan olingan chegaralarni hurmat qilishni anglatadi.
Biz bir xil qarashlarga egamiz va so‘nggi uch yil davomida bu tamoyillar, birdamligimiz va birgalikda ishlash qobiliyatimiz sinovdan o‘tkazildi. Bu juda yaxshi isbotlandi.
Va shuning uchun biz Ukrainada ham adolatli va mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun birgalikda ishlashni davom ettirishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Chunki bu mintaqa Sharq va G‘arb, Yevropa Ittifoqi va Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi ko‘prik sifatida tarixiy va geografik strategik mintaqadir.Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘rnatayotgan o‘ziga xos munosabatlarimizning qo‘shimcha qiymati ham ana shulardir. Rahmat”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan sammit ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Sammit yakunida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Yetakchilar Samarqand xalqaro iqlim forumida ham qatnashdi.
LiveBarchasi