YeI migratsiya qonunchiligini qat’iylashtirmoqchi
Olam
−
12 mart 2579 2 daqiqa
Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqida boshpana berish rad etilgan shaxslarni tezroq deportatsiya qilish rejasini taqdim etdi. Bu haqda Yevropa Komissiyasi portalida tegishli bayonot e’lon qilindi.
Yevrokomissiya bayonotiga ko‘ra, Yevroittifoqqa boshpana olish huquqi rad etilgan muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha soddaroq va samaraliroq qoidalar zarur.
Hujjatga ko‘ra, quyidagi shaxslar deportatsiya qilinadi:
- Yevropa Ittifoqi hududida noqonuniy yashayotganlar;
- Davlat organlariga yolg‘on ma’lumot berayotgan yoki ma’lumotni yashirayotganlar;
- Hukumat bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotganlar;
- Yevroittifoqda bo‘lish muddatini buzganlar;
- Mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotganlar.
Hukumat idoralari bilan hamkorlik qilishni rad etgan muhojirlarga ijtimoiy nafaqalar kamaytirilishi yoki umuman to‘xtatilishi ham rejalashtirilmoqda.
Xavfsizlikka tahdid soluvchi shaxslarga qo‘shimcha choralar ko‘riladi:
- Ularni ushlab turish va qamoqda saqlash uchun yangi asoslar joriy etiladi;
- Qamoqda saqlash muddati 18 oydan 24 oygacha uzaytiriladi;
- Yevroittifoqqa kirish taqiqi muddati uzaytiriladi.
Bundan tashqari, deportatsiya qarorlarini Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro tan olish tizimi joriy etiladi, bu esa jarayonni tezlashtirishga yordam beradi.
Hujjat endi Yevroparlament va Yevropa Kengashiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Agar qabul qilinsa, ushbu yangi qoidalar keyingi yil o‘rtalarida kuchga kirishi mumkin.
“Deutsche Welle” nashriga ko‘ra, Yevroittifoq boshpana olish huquqi rad etilgan shaxslarni Ittifoq hududidan tashqarida joylashgan maxsus deportatsiya markazlariga joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Hujjatda, shuningdek, inson huquqlari standartlariga rioya qilish va ularning bajarilishini ta’minlash zarurligi qayd etilgan. Ammo ushbu qoidalar voyaga yetmagan boshpana izlovchilar va bolali oilalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Mazkur islohot Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen boshchiligidagi Komissiyaning asosiy loyihalaridan biri ekani ta’kidlangan. Germaniya Ichki ishlar vaziri Nensi Fezer Bryusselning bu taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
“Bizga Yevropa miqyosida samarali deportatsiya tizimi kerak”, deydi u.
Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, boshpana olish huquqi rad etilgan har besh nafar muhojirning faqat bittasi Yevropa Ittifoqidan chiqib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada parlament muxolifati migratsiya siyosatini tubdan qat’iylashtirishga qaratilgan rezolyutsiyaning qabul qilinishiga erishgan edi. Bundestag deputatlarining ko‘pchiligi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoqi (XDI/XSI) bloki tomonidan ilgari surilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Hujjat doimiy chegara nazoratini qayta joriy etish, boshpana berishdan chegarada voz kechish imkoniyati va deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan chet elliklarni hibsga olish choralarini o‘z ichiga oladi.
Live
Barchasi