YeI Kengashi Ukrainaga yana 2,3 mlrd yevro ajratdi

Olam

image

Kecha, 11 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi “Ukraina yordami” dasturi doirasida Ukrainaga 2,3 milliard yevro miqdoridagi oltinchi transhni ajratdi. Ushbu mablag‘lar mamlakatning makromoliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan. Bu haqda YeI rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur transh Ukrainaning oltinchi to‘lovga kirish uchun zarur bo‘lgan sakkizta bosqichni muvaffaqiyatli bajarishi, shuningdek, to‘rtinchi transh doirasidagi bajarilmay qolgan bitta talabni ham ado etganini ko‘rsatadi. Mablag‘lar Ukraina davlat boshqaruvi tizimini qo‘llab-quvvatlashga ham yo‘naltiriladi. Shu yilning noyabr oyi boshida Kiyevga 1,8 milliard yevrodan ortiq avvalgi transh ham o‘tkazilgan edi.

Bundan avval Kiyevga 2025 yilning avgustida 3,2 milliard yevro, aprel oyida 3,5 milliard yevro, shuningdek, 2024 yilning dekabrida 4,1 milliard yevro va avgustida 4,2 milliard yevro miqdoridagi to‘lovlar tasdiqlangan edi.

2024 yil mart oyida ishga tushirilgan Ukraina mexanizmi 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Yevropa Komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu davr davomida Yevropa Ittifoqiga Ukrainaga 50 milliard yevrogacha “barqaror va oldindan prognoz qilinadigan moliyaviy yordam” ko‘rsatish imkonini beradi.

Oltita transhdan tashqari, YeI ko‘prik moliyalashtirish uchun 6 milliard yevro va oldindan moliyalashtirish uchun yana 1,89 milliard yevro ajratgan.

Bryusselning ta’kidlashicha, ushbu dastur doirasidagi to‘lovlar Ukrainadan aniq tiklanish va islohotlar rejasini amalga oshirishni, shuningdek, demokratik mexanizmlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi. Mablag‘lar Yevropa Komissiyasi shartlarning bajarilishini har chorakda baholaganidan so‘ng ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Kengashi YeI’ning 2026 yilgi byudjetini tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Ushbu byudjet YeI Kengashi va Yevroparlament o‘rtasida 2025 yil 15 noyabrda erishilgan muzokara kelishuvi asosida shakllantirilgan. Hujjatga ko‘ra, jami majburiyatlar – 192,8 milliard yevro, umumiy to‘lovlar – 190,1 milliard yevro etib belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina “Ukraina yordami” dasturi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing