YeI Qorabog‘dagi janjal bo‘yicha tilga kirdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni e’tiborga oldi va vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar xizmati vakili Peter Stano ma’lum qildi. 

“Biz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’tiborga oldik. Ozarbayjonning harbiy harakatlarni to‘xtatishini kutamiz”, deydi u. 

Stanoning so‘zlariga ko‘ra, Baku janglarni armanlarni Tog‘li Qorabog‘dan majburan olib chiqib ketish uchun bahona sifatida ishlatmasligi muhim.  

“Yevropa Ittifoqi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va a’zo davlatlar vaziyat o‘zgarishi bilan keyingi qadamlarni belgilaydi”, deya qo‘shimcha qildi u. 

19 sentyabr kuni Baku Armaniston harbiylarini ushbu hududdan olib chiqish uchun Tog‘li Qorabog‘da “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi. Yerevan ularning mintaqada borligini inkor etib, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 

20 sentyabr kuni tomonlar Rossiya tinchlikparvar kuchlari qo‘mondonligi vositachiligida shu kuni Moskva vaqti bilan soat 12:00 dan boshlab operatsiyani to‘xtatish, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘ni to‘liq qurolsizlantirish to‘g‘risida kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 21 sentyabr kuni Ozarbayjonning Yevlax shahrida Baku va Qorabog‘ arman aholisi vakillarining “Ozarbayjon konstitutsiyasi va qonunlari asosida qayta integratsiyalashuvi” masalasi bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirdi. 20 sentyabrga kelib Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum shartlari asosida aksilterror harakatlari to‘xtatilganini e’lon qildi

Rossiya Ozarbayjonning harakatlarini qoralamadi, harbiy to‘qnashuv Ozarbayjonning o‘z hududida bo‘layotganini urg‘uladi. O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing