YeI G‘azoga qo‘shimcha 25 mln yevro gumanitar yordam ajratadi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaro tufayli G‘azo aholisiga qo‘shimcha 25 million yevro miqdorida insonparvarlik yordami ajratadi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa elchilarining yillik konferensiyasida ma’lum qildi.

"Yevropa Ittifoqi gumanitar yordamni 25 million yevroga oshiradi. Bu orqali Yevropa Ittifoqining G‘azo tinch aholisiga insonparvarlik yordami jami 100 million yevroga yetadi", degan u.

Fon der Lyayenga ko‘ra, Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, ammo bu xalqaro huquq doirasida bo‘lishi kerak. Yevrokomissiya rahbari G‘azo blokadasi hududni terrorchilardan tozalashi bilan emas, balki iqtisodiy inqiroz keltirib chiqargani va fojiali oqibatlari bilan tarixda qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Bundan tashqari, u Xitoy Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashmasligi uchun HAMAS va Eronga ta’siridan foydalanishi kerak, deb hisoblaydi.

“Eskalatsiyaning oldini olish uchun Pekinning HAMAS va Eronga ta’siridan foydalanish kerak”, degan fon der Lyayen.

Shuningdek, u Pekinning Ukrainadagi urushi bo‘yicha pozitsiyasi Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi kelajakdagi munosabatlarni belgilab berishini qo‘shimcha qilgan. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning 3 noyabr kuni Xitoy rahbari Si Szinpin Germaniya kansleri Olaf Shols bilan videokonferensiya davomida Ukraina mojarosi va Falastin muammosi fundamental yechimni talab qilishini, Xitoy va Yevropa Ittifoqi ularni hal qilishda bir-biriga yordam berishi kerakligini aytgan. Xitoy rahbarining aniqlik kiritishicha, muammolarni bir tomonlama hal qilish nomutanosiblik va keskinlashuvga olib kelishi mumkin. U muammolarni hal qilish jarayoni barqaror va samarali xavfsizlik mexanizmiga asoslanishi kerakligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

EI gumanitar yordam G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing