YeI Eronga qarshi sanksiyalarining to‘rtinchi paketini tayyorlamoqda
Olam
−
23 yanvar
2587Bugun, 23 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Eronga qarshi sanksiyalarining to‘rtinchi paketi e’lon qilindi. Bu haqda “Reuters” ma’lum qildi.
“Yevropa Ittifoqi Eron hukumati tomonidan tinch namoyishchilarga nisbatan shafqatsiz va nomutanosib kuch ishlatganini keskin qoralaydi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, sanksiya ro‘yxatiga 50 dan ortiq jismoniy va bir nechta yuridik shaxslar kiritilishi kutilmoqda. Xususan, Eron Qurolli kuchlari elita bo‘linmalari – Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRQK) a’zolari qora ro‘yxatga kiritilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi 1979 yilda Eron shialarining yetakchisi Oyatulloh Humayniy tarafdorlaridan tashkil topgan Eron harbiy-siyosiy tuzilmasi.
U Eron-Iroq urushida, shuningdek, Hizbulloh tashkilotini yaratishda faol ishtirok etgan. Rasmiy ravishda Eron qurolli kuchlari tarkibiga kiradi. Amerika Qo‘shma Shtatlari, Isroil, Saudiya Arabistoni va Bahrayn hukumati IRQKni terrorchi tashkilot sifatida tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, 18 yanvar kuni Yevropa Parlamenti Yevropa Ittifoqidan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishni so‘ragandi.