YeI Eron Inqilobiy Gvardiyasini terrorchi tashkilot sifatida belgilay olmaydi – Lyuksemburg
Olam
−
23 yanvar 2023
4896Yevropa Ittifoqi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC, Eron Inqilobiy Gvardiyasi)ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kirita olmaydi. Bu haqda Lyuksemburg tashqi ishlar departamenti rahbari Jan Asselborn Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishiga kelganida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Eron Inqilobiy Gvardiyasini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritish uchun tashkilot Yevropa Ittifoqi davlatlaridan kamida bittasining hududida terroristik akt sodir qilgan bo‘lishi va sud ushbu tashkilotni jinoyat sodir etgan deb topishi kerak bo‘ladi.
“IRGC’ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritish uchun bizga Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birining ularning terrorchi ekanligi haqidagi sud qarori kerak. Ular Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida terakt sodir etganliklari haqidagi dalil kerak. Bu ishlarga qonuniy qarashdir”, dedi Jan Asselborn.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari bugun, 23 yanvar kuni Eronga qarshi sanksiyalarning 4-paketini ko‘rib chiqadilar. Qayd etilishicha, 50 dan ortiq kishini qora ro‘yxatga kiritish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 18 yanvarda Yevroparlament Yevropa Ittifoqidan Eron Inqilobiy Gvardiyasini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shishni so‘ragan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi