YeI elchilari Rossiyaga qarshi 13-sanksiyalar paketini e’lon qilishga kelishib oldi
Olam
−
21 fevral
3012Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari 24 fevralgacha kuchga kiradigan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda Belgiyaning YeI Kengashidagi raisligi X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
“Yevropa Ittifoqi elchilari hozirgina 13-sanksiyalar paketi bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Endi paket Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan yozma tasdiqlash jarayonidan o‘tadi va 24 fevralgacha rasman tasdiqlanadi”, deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, cheklovlar Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bosqini munosabati bilan joriy etilmoqda.
Belgiya raisligining ta’kidlashicha, mazkur paket YeI tomonidan ma’qullangan eng keng qamrovli paketlardan biri bo‘ladi. Bu yerda sanksiyaga uchragan fuqarolar va kompaniyalar soniga ishora qilinayotgan bo‘lishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, bu sanksiyalar paketi nafaqat Rossiyadan, balki uning bir qator hamkor davlatlari, jumladan Xitoy, Eron va Shimoliy Koreyaning 200 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarini qora ro‘yxatga kiritishni o‘z ichiga oladi. Ular Yevropa Ittifoqining sanksiyalar blokadasida Moskva tomonidan ko‘rilayotgan iqtisodiy choralarda ishtirok etishda gumon qilinmoqda.
Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan vazirlar darajasida ma’qullangandan so‘ng, sanksiyalar Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilinadi va shu kundan boshlab kuchga kiradi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa Ittifoqi diplomatik xizmati rahbari Josep Borrel, avvalroq 13-sanksiya paketi urushning ikki yilligiga qadar kuchga kirishi kerakligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi