YeI bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklamoqchi
Olam
−
13 iyul 1140 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga yosh bo‘yicha cheklov joriy etilishi mumkin. Bu haqda “Associated Press” xaber berdi.
Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen bugun, 13 iyul kuni Bryusselda bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini tartibga solishga qaratilgan taklif yozdan so‘ng taqdim etilishini ma’lum qilgan.
“Farzandlarimizga haydovchilik guvohnomasini olmasdan turib avtomobil kalitini bermaganimiz yoki qonun ruxsat bermaguncha ularga spirtli ichimlik sotib olishiga yo‘l qo‘ymaganimiz kabi, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi uchun ham ma’lum yosh chegarasi bo‘lishi kerak”, deydi fon der Lyayen.
Uning bildirishicha, bolalar avvalo haqiqiy hayotda do‘st orttirishi, o‘ynashi va shaxs sifatida shakllanishi lozim. Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz tasmani aylantirish (infinite scroll) kabi foydalanuvchini o‘ziga qaram qiluvchi funksiyalarni texnologik kompaniyalar bartaraf etishi kerakligini qayd etgan.
Bolalar xavfsizligini onlayn muhitda ta’minlash bo‘yicha tuzilgan maxsus ekspertlar guruhi ham Yevrokomissiyaga o‘z hisobotini taqdim etgan. Hisobotda platformalar o‘z xizmatlari bolalar uchun xavfsiz ekanini isbotlamaguncha, 13 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning ularga kirishini cheklash tavsiya etilgan.
Ekspertlar, shuningdek, 13 yoshdan katta voyaga yetmaganlar uchun ham qo‘shimcha himoya choralarini joriy etishni tavsiya qilgan. Ularning fikricha, bolalar xavfsizligini ta’minlash mas’uliyati ota-onalar yoki tartibga soluvchi organlar emas, avvalo raqamli platformalar zimmasida bo‘lishi kerak.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda dunyoning qator davlatlari bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha choralarni kuchaytirmoqda. Xususan, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Indoneziyada voyaga yetmaganlarning TikTok, Instagram, YouTube kabi platformalardan foydalanishiga doir turli yosh cheklovlari joriy etilgan yoki muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi