YeI 335 mlrd yevrolik “yashil” fondni qurol ishlab chiqarishga yo‘naltiradi
Olam
−
05 iyun 3251 2 daqiqa
Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga COVID-19 pandemiyasidan keyin iqtisodiyotni tiklash uchun yaratilgan umumiy fonddan qolgan mablag‘larni mudofaa maqsadlariga sarflashga ruxsat berdi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, 2021 yilda tashkil etilgan 650 milliard yevrolik Tiklanish va mustahkamlik jamg‘armasi Yevropa Ittifoqi tomonidan obligatsiyalar chiqarish yo‘li bilan moliyalashtirilgan. Dastlab bu jamg‘arma mablag‘lari asosan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash (37%) va iqtisodiyotning raqamlashtirilishi (20%) kabi sohalarga, shuningdek, boshqa islohotlarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ayni vaqtda fondda taxminan 335 milliard yevro qolgan bo‘lib, endilikda bu mablag‘larni mudofaa va xavfsizlik yo‘nalishlarida ishlatish mumkin.
Yevrokomissiyaning iqtisodiyot bo‘yicha vakili Valdis Dombrovskis yangi maqsadlar bilan ilgari belgilangan yashil va raqamli ustuvor yo‘nalishlarni uyg‘unlashtirishga urinish sifatida Ispaniyaning kiberxavfsizlikni mustahkamlash rejasini, shuningdek boshqa ayrim davlatlarning inqirozlarga tayyorgarlik bo‘yicha investitsiyalarini misol sifatida keltirgan. Shu bilan birga, u yangi qoidalar aniq mudofaa xarajatlariga qanday sarflanishi kerakligini belgilamasligini qo‘shimcha qilgan.
A’zo davlatlar 2026 yil avgustigacha Yevrokomissiya bilan mablag‘lar sarfini muvofiqlashtirishi va qolgan 335 milliard yevrodan ulush olishlari mumkin. Shu bilan birga, Yevrokomissiya Yevroparlament va Ittifoq davlatlari hukumatlaridan Yevropa Mudofaa Sanoati dasturi reglamentiga o‘zgartish kiritib, fond mablag‘larini umumiy Yevropaning mudofaa fondiga badal sifatida ishlatishga ruxsat berishni so‘ragan.
Rossiyaning harbiy tahdidi ostida mudofaa xarajatlarini tezda oshirish zarurati yuzaga kelgan bir paytda, ayrim davlatlar bu maqsadlarni yangi obligatsiyalar chiqarish hisobidan moliyalashni taklif qilgan. Ammo bunga qarshi chiqqanlar ham bo‘lgan. Fond mablag‘larini qayta yo‘naltirish esa amalda mudofaa xarajatlarining umumiy moliyalashtirilishini anglatadi.
NATO davlatlari ayni paytda mudofaa xarajatlarini hozirgi 2 foiz YAIMdan 5 foizgacha oshirish rejasini ishlab chiqmoqda. Uning 3,5 foizi bevosita mudofaa uchun, qolgan 1,5 foizi esa xavfsizlikka oid boshqa sohalarga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Britaniyani “urushga tayyor holatga” keltirishga va’da bergan hamda 12 tagacha yangi hujumchi suvosti kemasini qurish, yadroviy hamda boshqa qurollarga milliardlab funt sterling sarmoya kiritish rejalarini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi