Britaniya Rossiyani “tiyish” uchun 12 ta suvosti kemasi qurmoqchi
Olam
−
02 iyun 2025 3088 4 daqiqa
Bugun, 2 iyun kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer global tangliklar kuchayib borayotgan bir paytda, tobora tajovuzkor bo‘lib borayotgan Rossiyani “tiyish” maqsadida qurollanish rejalarini e’lon qildi. Bu haqda “Thye New York Times” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Bosh vazir Kir Starmer Britaniyani “urushga tayyor holatga” keltirishga va’da bergan hamda 12 tagacha yangi hujumchi suvosti kemasini qurish, yadroviy hamda boshqa qurollarga milliardlab funt sterling sarmoya kiritish rejalarini e’lon qilgan. Bu Britaniyaning xavfliroq dunyoga mos harbiy strategiyasining bir qismidir.
“Agar siz mojaroni oldini olishni istasangiz, eng yaxshi yo‘l unga tayyorgarlik ko‘rishdir”, degan Starmer.
Shuningdek, Britaniya hukumatining strategik mudofaa sharhida dronlar ishlab chiqarishni oshirish hamda o‘q-dorilar va jihozlar zaxirasini ko‘paytirish rejalari ham ochiqlangan.
Qayd etish joiz, Britaniyaning bu keng qamrovli qayta qurollanish rejasi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy tajovuzi, AQSHning Yevropadan tobora chekinayotgan siyosati va global tangliklarning kuchayishi fonida yuz bermoqda. Starmer ushbu rejalarni Ukraina uchuvchisiz samolyotlari Rossiyaning ichki harbiy aerodromlariga zarba bergan urushdagi eng kuchli havo hujumlaridan biri ortidan e’lon qilgan.
Strategik mudofaa sharhi NATOning sobiq bosh kotibi Jorj Robertson tomonidan boshqarilmoqda va uni shakllantirish o‘tgan yili Starmer umumiy saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng boshlangan edi. Ammo bu sharhga AQSH Prezidenti Donald Trampning Yevropa xavfsizligiga sust yondashuvi va uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bo‘lgan ikkiyoqlama, ba’zan esa xushomadgo‘y munosabati fonida yangi yondashuvlar berilgan.
Sharh bugun, 2 iyun kuni tushdan keyin e’lon qilinishi kutilmoqda. Britaniya hukumati tomonidan oldindan ma’lum qilingan asosiy ma’lumotlarga 7000 tagacha uzoq masofali Britaniyada ishlab chiqarilgan qurollarni xarid qilish, yangi kiber boshqaruvni yaratish va raqamli imkoniyatlarga 1 milliard funt sterling (taxminan 1,35 milliard dollar) sarmoya kiritish kabilar kiradi.
Bundan tashqari, Britaniya suv osti infratuzilmasini himoya qilishga hamda Ukrainadagi urushda samaradorligini ko‘rsatgan dronlarga mablag‘ ajratiladi. Britaniya armiyasida harbiylar soni Napoleon davridan beri eng past darajaga tushib ketgani sababli harbiy xizmatchilarni yollash va saqlab qolishga yordam berish maqsadida 1,5 milliard funtdan ortiq mablag‘ harbiylar uchun uy-joylarni ta’mirlash va yangilashga yo‘naltiriladi.
Bosh vazir Kir Starmer Buyuk Britaniyaning harbiy xarajatlarini yalpi milliy mahsulotning 2,5 foizigacha oshirishga va’da bergan. U bu mablag‘ni asosan xorijiy yordam dasturlaridan resurslarni boshqa tomonga yo‘naltirish orqali ta’minlashini aytgan.
Hukumat bayonotida aytilishicha, yadroviy energiyada harakatlanuvchi, an’anaviy qurollar bilan jihozlangan suvosti kemalari floti sezilarli darajada kengaytiriladi. Bu doirada AQSH va Avstraliya bilan tuzilgan AUKUS nomli xavfsizlik ittifoqi asosida 12 tagacha yangi kema quriladi. Mazkur ittifoq Xitoyning tobora kuchayib borayotgan ta’siriga qarshi chora sifatida shakllantirilgan.
Hukumat yangi strategiyani “tiyib turish va mudofaa bo‘yicha yondashuvida tub burilish” deb atagan. Unga ko‘ra, urushga tayyorlik holatiga o‘tish orqali tahdidlarni tiyish va Yevro-Atlantika hududida xavfsizlikni mustahkamlash maqsad qilingan.
Ma’lumot uchun, Ikkinchi jahon urushidan beri Buyuk Britaniya har 10 yilda kamida 1 marta mudofaa sharhini e’lon qilib kelgan. So‘nggi bunday sharh 2021 yilda tuzilgan bo‘lib, 2023 yilda yangilangan edi. 2021 yilda Boris Jonson hukumati tomonidan e’lon qilingan avvalgi hujjatdan farqli ravishda, bu yangi sharh ohangi boshqacha bo‘lishi kutilmoqda. Avvalgi sharhda Britaniyaning “Global Britaniya” sifatida AQSH bilan yanada yaqinlashishini ko‘zlagan edi, biroq bu yo‘l Starmer tomonidan bekor qilinib, uning o‘rniga Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni qayta tiklashga e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ishtirokisiz Yevropa davlatlarining “ko‘ngillilar koalitsiyasi” Ukrainani zarur harbiy yordam va qurol bilan ta’minlashga qodir emasligi xabar qilingandi. Bu holat Yevropaning o‘z zaxiralarini ham to‘ldirishiga to‘g‘ri kelayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, harbiy tahlilchi, Buyuk Britaniyadagi Qirollik mudofaa tadqiqot instituti direktori Metyu Sevill Yevropa davlatlari qisqa muddatda AQSH Ukrainaga ko‘rsatgan harbiy yordamining to‘liq o‘rnini bosa olmasligi, ammo agar xohish bo‘lsa, o‘rta yoki uzoq muddatda bunga erishishi mumkinligini aytgan edi.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi