Rossiya Ukrainaga yirik hujum uyushtirdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Rossiya bugun, 24 mayga o‘tar kechasi Ukraina hududiga yana keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Asosiy zarbalar Kiyev va uning atrofiga berilgan. Bu haqda Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko xabar berdi.

Klichkoning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Yana 44 kishi jarohatlangan bo‘lib, ularning 28 nafari, jumladan ikki nafar bola shifoxonaga yotqizilgan.

Klichkoning aytishicha, Kiyevning markaziy qismidagi Shevchenko tumanida dronlar ko‘p qavatli turar joy binolariga kelib urilgan.

Shuningdek, shahar shimolidagi Obolon tumanida uchuvchisiz apparat 16 qavatli uyning 12–13-qavatlariga zarba bergan. G‘arbiy hududdagi Solomenka tumanida esa 24 qavatli binoga 20-qavat qismida zarba tekkan. Ijtimoiy tarmoqlarda Solomenka tumanida chiqqan yong‘in aks etgan videolar tarqaldi.
Bundan tashqari, Kiyevning turli hududlari va shahar atrofida dron hamda raketalar parchalari tushishi oqibatida yong‘inlar yuzaga kelgani xabar qilindi.

“Times of Ukraine” va bir qator Telegram-monitoring kanallari ijtimoiy tarmoqlardagi videolarga tayanib, Rossiya “Oreshnik” nomli o‘rta masofali ballistik raketa bilan Kiyev janubidagi Oq Cherkov shahridagi noma’lum ob’ektga zarba bergan bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.

Hozircha Ukraina va Rossiya rasmiy manbalari raketa qo‘llanganini tasdiqlamagan. Biroq internetda tarqalgan videolarda “Oreshnik” raketa tizimiga xos bo‘lgan jangovar bloklarning ajralishi va kuchli portlashlar aks etgani aytilmoqda.

Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri “Oreshnik” raketasidan uchinchi marta foydalanishi bo‘ladi.

Avval, Rossiya 2024 yil noyabrida Dnepr shahridagi harbiy-sanoat majmuasiga shu raketa bilan zarba berganini ma’lum qilgan edi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda bunday raketalar zaxirasi mavjudligi va ularning seriyali ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilganini aytgan.
2026 yil yanvar oyida esa Rossiya “Oreshnik” bilan Ukraina g‘arbidagi Lvov viloyatiga hujum qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, zarba ortidan Lvov aviatsiya-ta’mirlash zavodi ishdan chiqqan.

Rossiya hukumati bu hujumni 2025 yil oxirida ukrain dronlari Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga uringani bilan izohlagan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 23 may kuni razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya “Oreshnik”ni yana qo‘llashga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgan. U Kiyev ittifoqchilarini Moskvaga bosimni kuchaytirish va Rossiyaning harakatlariga “hodisadan keyin emas, balki oldindan” javob qaytarishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, 22 may kuni Ukrainaning Starobelsk pedagogika kollejiga qilgan hujumi oqibatida o‘n kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Oreshnik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing