YeI 2024 yilda Ukrainaga 21 milliard yevro ajratmoqchi
Olam
−
09 mart
1959Yevropa Ittifoqi davlatlari 2024 yilda Ukrainaga 21 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish niyatida. Bu haqda Yevrokomissiya rahbarining birinchi o‘rinbosari Valdis Dombrovskis Kiyevga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 milliard yevrolik ko‘rsatkich taxminiy ma’lumotlarga asoslangan va aslida bu undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Dombrovskisning eslatishicha, urush boshlangandan beri Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga allaqachon 28 milliard yevrolik qurol va o‘q-dorilar ajratgan. Umumiy yordam miqdori esa 88 mlrd yevroni tashkil etadi.
Bundan tashqari, Yevrokomissiya Ukrainani 2027 yilgacha mo‘ljallangan 50 milliard yevrolik qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida Kiyevga mart oyida 4,5 milliard yevro, aprelda esa 1,5 milliard yevro miqdorida yordam ajratishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yil fevralida Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati yetakchilari 2027 yilgacha Yevropa Ittifoqi byudjetidan Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ajratishga ovoz berdi. Ushbu mablag‘larning katta qismi – 39 milliard yevro grant va kreditlar Ukraina davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
8 milliard yevro Ukrainaga sarmoya kiritish uchun kafolatlar va shart-sharoitlar yaratish uchun mo‘ljallangan, yana 3 milliard yevro esa mamlakatga texnik yordam ko‘rsatish uchun ajratilgan.
LiveBarchasi