YeCHL. “Real Madrid” – “Manchester Siti”. Yoxud Zidan va Gvardiola to‘qnashuvi

Sport

image

Kecha Yevropa chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi dastlabki uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. 

Bugun ushbu bosqichning qolgan o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda musobaqaning markaziy uchrashuvi, deya ta’riflanayotgan “Real Madrid” va “Manchester Siti” jamoalari to‘qnashadi.

Shuning uchun ham bugun e’tiborimizni bo‘lib o‘tadigan “Real Madrid” va “Manchester Siti” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga qaratganmiz.

Madridning “Real” jamoasi o‘z uyida Manchesterning “Manchester Siti” jamoasini qabul qiladi. Ushbu uchrashuvni ko‘pchilik futbol mutasaddilari va futbol muxlislari orziqib kutishmoqda. Sababi, bugungi bahsda “Real Madrid” va “Manchester Siti” jamoalari o‘rtasidagi bahsdan tashqari, yana bir o‘ziga hos to‘qnashuv bizni kutib turibdi. Bugun futbol olamidagi eng kuchli murabbiylar Zinedin Zidan va Xosep Gvardiola qaramaqarshiligini guvohi bo‘lamiz. Xo‘sh, bugun bo‘lib o‘tadigan “Real Madrid” va “Manchester Siti” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yana nimasi bilan markaziy uchrashuv maqomiga tenglashtirilmoqda? Hozirgi kunda Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi o‘z chempionatida tengsiz jamoalardan biri hisoblansa, Ispaniyaning “Real Madrid” klubi YeCHL musobaqasida tengsiz jamoa, deya ta’riflanmoqda. Bunga bir qator misollar keltirish mumkin. Masalan, madridliklar Yevropa chempionlar ligasi musobaqasini ketma-ket 3 marotaba qo‘lga kiritgan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Hozirgi kunga qadar bunday natijani hech bir jamoa qayd eta olmagan. 

“Shaharliklar”ni ushbu musobaqada favoritlar qatoriga kiritishmayapti. Sababi, “Manchester Siti” shu kungacha Yevropa chempionlar ligasi tarixida biror marotaba ham g‘alaba qozona olmagan. Jamoaga Xosep Gvardiola kelganidan so‘ng “Manchester Siti” mazmunli o‘yin ko‘rsata boshladi. 2 yil ketma-ket APL chempionligini qo‘lga kiritdi. YeCHL musobaqasida ham yaxshi natija qayd eta boshladi. “Manchester Siti” “Real Madrid” to‘sig‘idan o‘ta oladimi-yo‘qmi, bugun tunda bo‘lib o‘tadigan to‘qnashuvda buni bilib olamiz.

Ushbu jamoalarning o‘zaro statistikalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular Yevropa chempionlar ligasida bor-yo‘g‘i 6 marotaba to‘qnash kelishgan. Jamoalar 4 marotaba Yevropa chempionlar musobaqasida, 2 marotaba Xalqaro musobaqada to‘qnash kelishgan. O‘tkazilgan barcha o‘yinlarning 3 tasida “qirollik klubi”ning qo‘li baland kelgan. 2 marotaba durang natija qayd etilgan. 1 marotaba “shaharliklar” raqiblarini mag‘lub etishgan. Eng qizig‘i, ushbu jamoalari so‘nggi bor to‘qnash kelishganida, “shaharliklar” raqiblarini yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratishgan. Ushbu bahs Xalqaro musobaqa doirasida bo‘lib o‘tgan. “Manchester Siti” biror marotaba ham YeCHL musobaqasida “Real Madrid” jamoasini mag‘lubiyatga uchrata olmagan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Zinedin Zidan jamoasi bugungi uchrashuvda asosiy favorit bo‘lib turibdi. 

Ushbu bahs oldidan ikkala jamoalar murabbiylari o‘yin haqida o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etishdi:

Zinedin Zidan, “Real Marid”ning murabbiyi:  

— Har doimgidek muxlislarimiz biz bilan faxrlanishini xohlaymiz. Shuning uchun ham bugun maksimum natijani qayd etishimiz kerak. Ushbu o‘yinda g‘alaba qozonishimiz shart. 

Bugungi raqibimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, “Manchester Siti” ajoyib jamoa, buni ular isbotlab bo‘lishgan. Bugun “Real” va “Man Siti” jamoalari to‘qnashishadi, Gvardiola va Zidan emas. Bu yirik musobaqadagi eng muhim uchrashuv. Shuning uchun ham muhlislar shiddatli futbol ko‘rishni istashadi. “Shaharliklar”ga qarshi bahs olib borishimizdan hursandmiz, sababi, biz bunday o‘yinlarni yaxshi ko‘ramiz.

Xosep Gvardiola, “Manchester Siti” murabbiyi:

— Men yana bir bor “Santyago Bernabeu”ga qaytyapman, bundan hursandman. “Barselona” jamoasiga murabbiylik qilgan paytimda ushbu stadionda "Real Madrid” jamoasiga qarshi bir qator uchrashuvlarda g‘alaba qozonganman va mag‘lubiyatga uchraganman. Yevropa chempionlar ligasida ushbu stadionda o‘yin o‘tkazish har bir futbolchi va murabbiy uchun faxr.
 
Biz “Real Madrid”ga qarshi bo‘lib o‘tadigan ikki uchrashuv uchun ham tayyormiz. “Qirollik klubi”ni mag‘lub etib keyingi bosqichga chiqishni istaymiz. Biz bu bahsda g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatlarimizdan foydalanamiz. Raqibimizni kuchsiz, deb aytmagan bo‘lardim. Sababi, “Real Madrid” jamoasini dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biri Zinedin Zidan boshqarmoqda. Ushbu musobaqada Zidan qayd etgan natijani hech bir murabbiy takrorlay olmasa kerak.

Eslatib o‘tamiz, YeCHL musobaqasi 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan “Real Madrid” – “Manchester Siti” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv soat 01:00da boshlanadi.

Jahongir Sotvoldiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Manchester Siti Xosep Gvardiola Zinedin Zidan Real Madrid

Baholaganlar

69

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing