Yeb semirmaslik va yeb ozish haqiqatmi? Mutaxassis nima deydi?
Salomatlik
−
03 may 9632 5 daqiqa
“Ko‘p yesam ham semirmayman” deydigan tanishlar deyarli hammamizda bor. Kuzatib amin bo‘lamiz, ularning gapi – haqiqat. Ba’zilar esa kam ovqat va ko‘p harakat bilan ham vazn yig‘ishda davom etaveradi va “suv ichsam ham semiraman” deya noliydi. Xo‘sh, bunga sabab metabolizm (moddalar almashinuvi)mi yoki genetika? Parhezsiz ham vazn yo‘qotish mumkinmi? Buni tushunish uchun anatomiya borasida biroz chuqurroq o‘ylanish kerak.
Moddalar almashinuvi nega muhim?
Rossiyalik fitnes-trener Natalya Novikovaning so‘zlariga ko‘ra, inson ortiqcha vazn olmasligi uchun avvalo yaxshi metabolizm kerak, ya’ni organizmning barcha: limfa, gormonal, asab, qon aylanish, mushak va tayanch-harakat tizimlari uyg‘un ishlashi zarur. Vazn ortmasligi, suv va yog‘ to‘planib qolmasligi uchun yaxshi hujayraviy almashinuv bo‘lishi kerak, bu esa butun tananing sog‘lom ishlashiga bog‘liq.

Sport va to‘g‘ri nafas olish mashqlari orqali metabolizmni yaxshilash (tezlashtirish) mumkin. Natijada yog‘ to‘planmaydi va parhezlarga ehtiyoj qolmaydi.
Moddalar almashinuvini faollashtirish uchun to‘rtta asosiy vosita mavjud:
Sport bilan shug‘ullanish
Zaif mushak korseti (tanani ushlab turuvchi mushaklar majmuasi) ichki organlarga kerakli bosim yoki massajni ta’minlay olmaydi. Sport va biologik jihatdan to‘g‘ri nafas olish mushaklarning elastikligini oshiradi va ichki organlarga foydali massaj ta’sirini ko‘rsatadi. Muntazam sport bilan shug‘ullanish to‘yish gormoni – leptin ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Jismoniy mashqlar mushaklar faoliyatini faollashtiradi va tiklaydi, bu esa limfa tizimiga yordam beradi. Aynan mushaklar harakati tufayli limfa yuqoriga qarab siljiydi. Agar limfa tizimi yaxshi ishlamasa, hujayralarning chiqindi mahsulotlari organizmda to‘planib qoladi va bu jigar, ichak va buyraklarga ortiqcha yuk bo‘lishiga olib keladi.

Ortiqcha ovqatlanish va ochlik hissi bilan bog‘liq muammolarga qaytadigan bo‘lsak, aytish mumkinki, ko‘pchilik odamlar o‘zi sezmagan holda ko‘p ovqat yeydi, chunki to‘yganlik hissi yo‘q. Bu holatga sabab bo‘luvchi muammolardan biri – oshqozon cho‘zilishi. Oshqozonni birinchi bo‘lib fassiya (biriktiruvchi to‘qima)lar, so‘ng mushaklar, undan so‘ng yog‘ qatlami va teri qoplaydi. Qiziqarli fakt: oshqozon ko‘p hollarda aynan mushak korseti zaifligi tufayli cho‘ziladi.
To‘g‘ri holatni saqlash, bo‘g‘imlar harakatchanligini tiklash va umurtqa bo‘ylab harakatni teng taqsimlash
Ba’zida qizlar ozg‘in bo‘lsa ham, yonbosh, sonlar, tizzalar usti va qorin pastida yog‘ to‘planishi yoki dumg‘aza mushaklarida bo‘shashish (osilish) paydo bo‘lishi mumkin. Bunday paytda sport bilan shug‘ullanilsa ham, o‘zgarish bo‘lmasligi mumkin. Yog‘ bu zich tuzilmali xavfsizlik yostiqchasi bo‘lib, aynan harakat cheklangan joylarda paydo bo‘ladi.
Masalan, sonlardagi yog‘ son-bo‘g‘imlarining harakatchanligi cheklanganini anglatadi. Organizm yog‘ to‘plash orqali ushbu bo‘g‘imlar va umuman tanani himoya qilishga harakat qiladi.

Son va bel sohasidagi yog‘lar esa – tos tubi mushaklarining yomon ishlayotganidan dalolat. Bu holat bel sohasini himoya qilish uchun yog‘ qatlamining ko‘payishiga olib keladi, chunki tos bo‘g‘imlari va ko‘krak umurtqa qismining harakatchanligi cheklangan bo‘ladi.
Tizzadagi yog‘ qatlami esa to‘piq va tos bo‘g‘imlaridagi harakat cheklangani sababli ularni himoya qilish uchun paydo bo‘ladi.

“Beva ayol to‘pchasi” deb ataladigan xunuk bir ko‘rinishda esa bo‘yin orqa sohasida yog‘ yig‘iladi. Chunki bo‘yin haddan tashqari harakatchan bo‘lib, o‘ziga kerak bo‘lmagan yuklamani oladi. Yelkalar harakatsiz, ko‘krak sohasi cheklangan, oqibatda qo‘llarga tegishli yuklama bo‘yin sohasiga tushadi.
To‘g‘ri va to‘liq nafas olish

Inson miyasining asosiy vazifasi bu – tirik qolish. Stress holatida tana kuchaytirilgan rejimda ishlaydi, miya esa buni hayot uchun xavf deb qabul qiladi. Agar parasimpatik (dam olish uchun javobgar) tizim to‘g‘ri ishlamasa, ya’ni odam dam olmasa, bu holat miyada doimiy xavf sifatida qayd etiladi. Oqibatda, organizm yog‘ to‘playdi, iste’mol qilinayotgan ovqat hazm bo‘lmaydi, balki zaxira sifatida yig‘iladi. Mana shuning uchun ham qayg‘u odamni semirtiradi, deyishadi.
Parasimpatik tizimning to‘g‘ri ishlashi stress darajasining kamayishiga olib keladi. Nafas olish mashqlari, nafas hamda tos diafragmalarining uyg‘un ishlashi asab tizimini rag‘batlantiradi, bu esa stressga chidamlilikni oshiradi.

To‘g‘ri nafas olish nafaqat parasimpatik tizimni faollashtirib, tanani tinch holatga olib keladi, balki ichak faoliyatini ham yaxshilaydi. Natijada hazm qilish jarayoni va o‘t pufagi faoliyati yaxshilanadi. Shuningdek, to‘g‘ri nafas olish orqali gipofiz va gipotalamus faoliyati jadallashadi, bu esa gormonlar ishlab chiqarishga javobgar tuzilmalardir.
Uyquni to‘g‘rilash

Uyqu stress darajasi va kortizol gormonini kamaytirishda juda muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, agar inson kuniga yetti soatdan kam uxlaydigan bo‘lsa, kortizol darajasi ortadi, to‘yganlik gormoni kamayadi, bu esa yuqori uglevodli hamda yog‘li ovqatlarga bo‘lgan ishtahani kuchaytiradi.
Ko‘p suv ichish haqidagi afsona
Qancha istasangiz, shuncha suv ichishingiz mumkin, biroq tanadagi to‘qima (mushak)lar yopishib qolgan bo‘lsa, hatto 10 litr suv ham ularni ajrata olmaydi. Chunki mushaklargacha suv yetib bormaydi. Shuning uchun harakat va faol turmush tarzi ozishning eng muhim omili hisoblanadi. Kuniga 1–2 litr toza suv ichish yetarli bo‘ladi.
Live
Barchasi