Yeb qo‘ygan, o‘g‘irlik qilgan, harom yurgan joyimiz yo‘q – Sardor Rahimxon gap-so‘zlarga javob qaytardi

Intervyu 23344

“Yurak amri” xayriya jamoat fondi asoschisi Sardor Rahimxon qo‘shiq aytib yurgan kezlari kuniga 3-4 ming AQSH dollari daromad topgan va shunga qaramay, u sohadan ketish yo‘lini tanlagan. Bugun esa fond faoliyati, unga kelib tushayotgan mablag‘larning to‘g‘ri va maqsadli sarflanishiga shubha bildirayotganlarga, fond ochishdan avval ham, undan keyin ham bitta uyi ikkita bo‘lmagani, mashinasini o‘zgartirmagani, aksincha, fondga kelib tushayotgan pullar qilinayotgan xayrli ishlarning bor-yo‘g‘i 30-40 foizini tashkil etishi aytdi. Bu haqda u QALAMPIR.UZʼga bergan eksklyuziv intervyusida so‘z ochgan. 

“Hisob raqamimizga tushadigan pullarga ko‘pchilik shubha bilan qaraydi. Nimadirlar deydi. Fitnachilar, kimlarningdir foydasiga ishlaydigan trollar, internetda soxta profillar bilan izoh yozadiganlar, har xil fitna maqolalar chiqaradiganlar bor. Ularning hammasini kimga, kimning manfaati uchun ishlashini bilamiz. Lekin har qanday holatda Robbimizning, xalqning, ehson beruvchilarning oldida yuzimiz yorug‘”, deydi loyiha asoschisi.

Suhbat davomida Sardor Rahimxon “Jannatdagi qasrlar” loyihasida bunyod bo‘lgan 30 uyning birinchi g‘ishti qo‘yilishidan to oxirigacha saxovatli odamlar yordam berib kelganini aytarkan, uylarga sarflangan mablag‘larning yoki uy jihozlarining 60-70 foizini odamlar yo‘naltirgan pullar emas, aksincha, loyiha faollarining yaqinlari bergan mebel, uy jihozlari, texnikalar, gilamlar tashkil etayotganini aytdi. 

“Qilingan ishlarning hammasini sarhisob qiladigan bo‘lsak, uylarning qurilishiga sarflangan mablag‘ning  40-30 foizinigina hisob raqamlarimizga tushgan pullar tashkil etadi. Qolgan hammasi dalolatdir. Qolgan 70-60 foizi dalolat bilan. “Yurak amri”dagi hamma faol yigitlarning ishbilarmon, tadbirkor, boy yaqinlarimiz, tanishlarimiz bor. Erinmasdan, betimizni sidirib bo‘lsa ham shu yaxshilik bo‘lsin, bita qolsin deb, qo‘ng‘iroq qilamiz. “Aka, mana bunaqa kamchiligimiz bor. Yordam bering. Mana bunga pul yetmayapti, ozgina mana bunga yordam bering”, deymiz. Shunday qilib bu ishlar bunyod bo‘ldi”, deydi u.

Sardor Rahimxon so‘zida davom etarkan, san’at sohasida faoliyat yuritgan vaqtlarini eslab, kuniga 3-4 ming dollar topgani, bugungi kunda odamlarning muhtojlarga qilgan xayriya pullari uning shaxsiy manfaatlari uchun qiziq emasligini ta’kidladi.

“Xabaringiz bor, oldingi sohamda ham hech kam bo‘lmaganman. Mashhurlik cho‘qqisida yurgan inson bo‘lganman. Buni ochiq-oydin aytadigan payt kelib qoldi. Kuniga 3-4 ming dollar topgan san’atkor bo‘lganman. Shu narsadan voz kechib ketgan insonman. Men u pulga qaramayman. Menga pul qiziq emas. Men hayotning asl mohiyatini, maqsadini aniq topgan inson sifatida, bu ishga kirishyapman. Agar menga bu narsa qiziq bo‘lganida, men oldingi ishimdan ketmagan bo‘lar edim. Qolaversa, bu ishning asosiy barokati – halollikda. Halollik bor joyda barokat bo‘ladi”, deydi Sardor Rahimxon.

Shuningdek, u “Yurak amri” xayriya jamoat fondi faoliyatiga nisbatan gumonda va shubhada bo‘layotgan insonlarga xotirjamlik tilab, fond faoliyatida harom ishlarga yo‘l qo‘yilmaganini aytdi.

“Shubha qilishdan oldin, keling, bir kun mehnat qiling. Ichiga kirib ko‘ring. Keyin qalbingiz xotirjam bo‘ladi.“Bekor qilibman”, deya afsus-nadomat bilan tavba qilasiz. Yana bir bor ta’kidlab aytamanki, sizlar ehson qilayotgan pullar bu bo‘layotgan ishlarning 30-40 foizini tashkil etadi. Qolgan hammasi dalolat bilan. Xotirjamligimning sababi shundaki, bizning yeb qo‘ygan, o‘g‘irlik qilgan, harom yurgan joyimiz yo‘q. Shuning uchun xotirjammiz. Inson qachon sarosimaga tushadi? Qachonki, aybi bo‘lsa. Shuning uchun biz qanaqadir negativlar, fitnalarga javob qaytarmaymiz. Bizning javobimiz – sukut. Indamaslik bilan, ishimizda davom etib, ularni yengamiz. 

Alloh sizlarga insof bersin. Hammamizdan qolib ketadigan dunyo… Men loyihani ochganimda ham Sebzorda bittagina uyim bor edi, hozir ham shu bittagina uyda yashayman. Loyiha boshlanganda ham o‘sha mashinada edim. Loyiha ikki yildan buyon davom etayotgan bo‘lsa, hali ham o‘sha-o‘sha mashinadaman. Bizning ichimizdan kir qidirmang”, deydi “Yurak amri” xayriya jamoat fondi asoschisi.

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi Bo‘ka tumaniga borib, “25+” loyihasi asosida qurilgan uylar bilan tanishdi. Shuningdek, loyiha muallifi Sardor Rahimxon bilan eksklyuziv suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZʼning YouTubeʼdagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Nozima Nazirova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 366
Reyting: 3
t
×