Yarim finalning ikkinchi jangi. Bugun “Barselona” “Inter”ni imtihondan o‘tkazadi

Sport

image

Bugun, 30 aprel kuni Yevropa Chempionlar ligasi yarim final ilk o‘yini doirasida “Barselona” o‘z uyida “Inter”ni qabul qiladi. 

Har bir front uchun kurashayotgan “Barselona”

Xansi Flik boshchiligidagi Kataloniya klubi joriy mavsumda barcha turdagi sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda. La Ligada yetakchilikni qo‘lga olgan jamoa eng yaqin ta’qibchisi “Real Madrid”dan 4 ochko oldinda.  Ispaniya kubogi finalida esa madridliklar taslim etildi va sovrin qo‘lga kiritildi. Endigi navbat Chempionlar ligasiga. Ushbu turnir yarim finalida esa “ko‘k-anorranglilar” Italiyaning “Inter”iga qarshi to‘qnash keladigan bo‘ldi. Mazkur bahsda favorit ”Barselona”, ammo “Inter” ham yarim finalga o‘zidan o‘zi kelib qolgani yo‘q. Lekin ikki jamoada o‘yindan oldingi kayfiyat har xil. “Barselona” Ispaniya kubogi finalida “Real Madrid”ni mag‘lub etdi va kubokni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Inter” turli musobaqalardagi so‘nggi 4 ta o‘yinda g‘alaba qozona olmayapti.

Jamoa A Seriya doirasidagi oxirgi o‘yinda o‘z uyida “Roma”ga mag‘lub bo‘ldi va turnir jadvalida “Napoli”ni o‘tkazib yubordi. Neapolliklar bilan oradagi farq 4 tani tashkil etadi. Italiya kubogi yarim finalida hamshaharlari “Milan”ga 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi. Chempionlar ligasida esa mavsumning eng barqaror klublaridan biri “Barselona”ga qarshi to‘qnash keladi. 

Kimning taktikasi kuchli bo‘lsa o‘sha g‘olib bo‘ladi

Avvalo, “Barselona” haqida. Xansi Flik kelganidan keyin kataloniyaliklar hujumkor jamoaga aylandi qoldi. Klub har bir o‘yinda nechta gol ursa ham hujumkorlikni to‘xtatmadi. Jamoadagi tezkor qanotlar, intellekti baland pleymeykerlar g‘alabaning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, Flik himoyada ham barqarorlikka erishdi. Kunde va Balde ajoyib formada, markaziy himoyachilar Kubarsi va Martines ham yomon o‘ynamayapti. Orada jarohatidan sekin-asta tiklanayotgan Arauxoga imkon berilmoqda. Darvozabon Shesni esa alohida mavzu. Aslida zaxira darvozaboni bo‘lish uchun jamoaga jalb qilingan polshalik posbon Ispaniya Superkubogi finalida “Real”ga qarshi fantastik o‘yin namoyish etganidan keyin jamoaning asosiy darvozaboniga aylandi. To‘g‘ri, u jamoasini bir qancha yaqqol gollardan qutqaradi, ammo shunga yarasha juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishi ham bor gap. 

Endigi navbat “Inter”ga. Milan shahri klubi, himoyaviy taktikani xush ko‘radi. Jamoa murabbiyi Inzagi himoyaga asoslangan taktikani qo‘llaydi. Uchta markaziy himoyachi va ikkita qanot laterallari, markaziy yarim himoya va tayanchni birgina Barellaning o‘ziga topshirilgan. Hujumlarni tashkil etish Xakan Chalxanuglu zimmasida. Markaziy hujumda ikkita forvard, Lautaro Martines va Markus Tyuram. Ikkisi ham vaziyatlarni uvol qilmaydiganlar xiliga kiradi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Inter”ning qarshi hujumlari doimo xavfli bo‘lib kelgan. Bu “Bavariya”ga qarshi ikki o‘yinda ham yaqqol isbotini topgan. Yuqorida keltirilgan faktorlarni hisobga olib, bugungi o‘yin muxlislarni zeriktirib qo‘ymasligi tayin.

Taxminiy tarkiblar

 Odatga ko‘ra, “Opta” va “One football” portallari “Barselona” - “Inter” o‘yini uchun taxminiy tarkiblarni e’lon qildi.

“Opta” talqiniga ko‘ra, “Barselona” taribi:

Shesni, Kunde, Arauxo, Kubarsi, Martin, Pedri, De Yong, Olmo, Rafinya, Yamal, Ferran.

“Opta” talqiniga ko‘ra, “Inter” taribi:

Zommer, Pavar, Acherbi, Bastoni, Darmian, Barella, Chalxanuglu, Mxitaryan, Dimarko, Taremi, Lautaro.

“One football” talqiniga ko‘ra, “Barselona” taribi:

Shesni, Kunde, Martines, Kubarsi, Martin, Pedri, De Yong, Olmo, Rafinya, Yamal, Ferran.

“One football” talqiniga ko‘ra, “Inter” taribi:

Zommer, Pavar, Acherbi, Bastoni, Darmian, Barella, Chalxanuglu, Mxitaryan, Dimarko, Taremi, Lautaro.

Ma’lumot o‘rnida, “Barselona” - “Inter” o‘rtasidagi o‘yin Toshkent vaqti bilan 1 mayga o‘tar kechasi 00:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Evropa Chempionlar ligasi Inter yarim final

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing