Yaponiyaning birinchi ayol Bosh vaziri saylandi

Olam

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Yaponiya parlamenti Sanae Takaitini mamlakatning yangi Bosh vaziri sifatida tasdiqladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

U yaqinda hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) yetakchiligiga saylangan edi. Takaitining nomzodi parlament a’zolarining aksariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va u Yaponiyada ilk bor ushbu lavozimni egallagan ayol bo‘lgan. 

Siyosiy faoliyati davomida Takaiti turli davlat lavozimlarida ishlagan va LDPning eng tajribali arboblaridan biri hisoblanadi. U 1961 yilda Nara shahrida tug‘ilgan, Kobe universitetining iqtisod fakulteti hamda Matsushita davlat boshqaruvi va menejment instituti bitiruvchisi. Talabalik yillarida rok-musiqa yo‘nalishlariga qiziqqani, shuningdek, yoshligida mototsikl haydagani bilan ham tanilgan.

Takaiti 1993 yilda ilk bor vakillar palatasiga saylangan, 2006 yilda esa bir nechta vazirlik lavozimlarini egallagan. 2014 yilda u Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vaziri bo‘lgan. Uning faoliyati davomida ayrim siyosiy bahs-munozaralar yuzaga kelganiga qaramay, u partiyaning konservativ qanotidagi yetakchi shaxs sifatida tanilgan.

2025 yilning 4 oktyabr kuni u LDP raisligiga saylandi va hukumat koalitsiyasi qayta shakllantirilganidan so‘ng Bosh vazir lavozimiga ko‘tarildi. Takaitining ta’kidlashicha, u mamlakat oldida turgan iqtisodiy inqiroz, kadrlar yetishmovchiligi, siyosiy ishonchni tiklash kabi ustuvor masalalarni hal qilishga e’tibor qaratadi.

Yangi Bosh vazir o‘zining ishchanligi bilan tanilgan bo‘lib, u saylovdan so‘ng qilgan chiqishida “ko‘p ishlash”ni asosiy vazifa sifatida ko‘rsatgan. 

Ekspertlarning fikricha, yangi hukumat AQSH bilan yaqin hamkorlikni saqlab qoladi. Shu bilan birga, Tokio tashqi bosim ostida mudofaa xarajatlarini oshirish va Rossiya energiya resurslaridan voz kechish bo‘yicha murakkab qarorlar qabul qilishga majbur bo‘lishi mumkin.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, yangi Bosh vazirning oldida mamlakatning siyosiy ishonchini tiklash, iqtisodiy o‘sishni barqarorlash va xalqaro maydondagi pozitsiyani mustahkamlash kabi muhim vazifalar turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba boshchiligidagi hukumat yangi bosh vazir saylovlari oldidan to‘liq tarkibda iste’foga chiqqani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Sanae Takaiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing