Yaponiyalik onaxon umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha dunyo rekordini yangiladi
Salomatlik
−
19 Sentabr 2020
25831Sayyoramizdagi eng uzoq umr ko‘rgan yaponiyalik onaxon Kane Tanaka umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha oldingi rekordni yangiladi. Bugun, 19 sentyabr kuni u 117 yoshu 261 kunlik bo‘ldi. Bu haqda “World Journal” ma’lumot berdi.
Avvalgi rekordni o‘tgan yili 117 yoshu 260 kunligida vafot etgan yaponiyalik Nabi Tadzime egallagan edi.
Kane Tanaka 1903 yil 2 yanvarda Fukoka shahrida tug‘ilgan. Hozir u qariyalar uyida yashaydi.
Yaponiya aholisi uzoq umr ko‘rish bo‘yicha dunyo reytingining eng yuqori pog‘onalaridan mustahkam o‘rin olgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada 100 yoshdan oshgan 80 mingdan ortiq kishi bor, ularning 88 foizini ayollar tashkil etadi. 1963 yilda Yaponiyada bunday kishilar 153 nafar bo‘lgan, 1981 yilga borib 1000 kishiga yetgan, 1998 yilda esa 10 ming kishini tashkil etgan.
Joriy yilning fevral oyida Ginness rekordlari kitobiga ko‘ra dunyodagi eng keksa odam, Yaponiyaning Niigata prefekturasida yashovchi, 112 yoshli Titetsu Vatanabe vafot etgandi.