Yaponiyada “tobutda yotish” xizmati trendga aylandi
Bu qiziq
−
16:29 3600 1 daqiqa
Yaponiyada noodatiy meditatsiya usuli ommalashmoqda. Unga ko‘ra, odamlar dam olish va hayoti haqida chuqur o‘ylash uchun tobut ichida yotadi. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
“Tobutda yotish” deb atalgan bu xizmat dastlab Chiba prefekturasidagi dafn marosimi uyi tomonidan taklif etilgan. Keyinchalik odamlar orasida keng tarqala boshlagan.
Ushbu amaliyotning maqsadi inson o‘z o‘limini ramziy ma’noda “his qilib ko‘rishi” va hayotga boshqacha nigoh bilan qarashdan iborat. Ishtirokchilar taxminan 30 daqiqa davomida tobut ichida yotib, sukut saqlaydi, dam oladi va hayotidagi muhim masalalar haqida o‘ylaydi.
Tokiodagi ayrim markazlar meditatsiya uchun maxsus bezatilgan “yoqimli tobutlar”ni ham taklif qilmoqda. Mijozlar tobut eshigi ochiq yoki yopiq holda yotishi, sokin musiqa tinglashi, shiftdagi videoni tomosha qilishi yoki to‘liq sukunatda qolishi mumkin.
Mutaxassislar bu g‘oya yaponlarning “kuyo” an’anasi bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda. Bu an’ana hayotning o‘tkinchi ekanini eslatishga qaratilgan xotira marosimlarini o‘z ichiga oladi. Loyiha mualliflariga ko‘ra, maqsad odamlarni o‘lim bilan qo‘rqitish emas, balki hayotni yanada chuqurroq qadrlashga undashdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yaponiyalik olimlar ruhiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan robot-rohibni ishlab chiqargani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi