Yaponiyada tayfun oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 6 kishi bedarak yo‘qolgan
Olam
−
17:54 313 2 daqiqa
Yaponiyada “Dujuan” tayfuni keltirgan kuchli yomg‘ir va shamollar oqibatida ko‘chkilar yuz berib, 4 kishi halok bo‘ldi, yana 6 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, tayfun Tokio va uning atrofidagi prefekturalarda kuchli yomg‘irlar va vayronkor shamollarni keltirib chiqargan. Kanagava va Chiba prefekturalarida ko‘chkilar sodir bo‘lgan.
Kanagava prefekturasining Yokosuka shahrida 60 yoshlar atrofidagi ayol ko‘chki oqibatida uyi ichida qolib ketgan. Qutqaruvchilar uning jasadini topgan. Chiba prefekturasida esa 50 yoshlar atrofidagi erkak ko‘chki hududida vayronalarni tozalash vaqtida og‘ir texnika bilan birga bambukzor ichiga tushib ketgan. U shifoxonaga olib borilgan, biroq keyinchalik vafot etgan.
Tayfun eng kuchaygan paytda Yaponiya rasmiylari hayot uchun “yaqin xavf” mavjudligidan ogohlantirib, 1,9 million kishini boshpanalarga ko‘chishga chaqirgan. Bugun, 22 sentyabr kuni bo‘ron mamlakatning sharqiy sohillaridan uzoqlashgani sabab evakuatsiya bo‘yicha ko‘rsatmalarning aksariyati bekor qilingan.
“Dujuan” tayfuni soatiga 130 kilometrgacha tezlikda doimiy shamollarni, 194 kilometrgacha bo‘lgan kuchli shamol tezligini keltirib chiqargan. Tabiiy ofat oqibatida 50 mingga yaqin kishi elektr ta’minotisiz qolgan, yuzlab aviaqatnovlar bekor qilingan.
Tayfun mamlakatdagi besh kunlik bayram kunlariga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli ayrim tadbirlar, jumladan, “Rock in Japan” musiqa festivalining konsertlari va “Tokyo Game Show” ko‘rgazmasining bir kunlik dasturi bekor qilingan.
Meteorologlarning qayd etishicha, okean suvlarining isishi tayfunlar paydo bo‘lganda ularning kuchini oshirishi mumkin. Iliqroq atmosfera esa ko‘proq namlikni ushlab, kuchliroq yog‘ingarchiliklarga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vetnamning shimoliy va markaziy hududlarida yuz bergan kuchli yomg‘ir, suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘lgani, 16 mingdan ortiq uy suv ostida qolgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi