Yaponiyada issiqlik sabab aholi suv to‘lovidan ozod qilinadi
Olam
−
21 may 4690 1 daqiqa
Joriy yilning yoz oylarida Yaponiya poytaxti Tokio shahri aholisiga suv uchun olinadigan asosiy kommunal to‘lovlar bekor qilinadi. Bu haqda “The Mainichi” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu chora ekstremal issiqlikning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Buning uchun mahalliy hokimlik tomonidan 36 milliard iyena (taxminan 250 million dollar) ajratilgan va bu to‘rt oy davomida amal qiladi.
Tokio Sog‘liqni saqlash byurosi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili issiq urishi oqibatida shaharda rekord darajadagi 263 kishi vafot etgan. Qurbonlarning ko‘pchiligi konditsionerdan foydalanmagan yoki yuqori xarajatlar sababli uni yoqmagan.
Tokio gubernatori Yuriko Koike bu choralar insonlarning salomatligi uchun juda muhimligini ta’kidlagan.
“Odamlar yashash xarajatlaridan xavotir olib, konditsioner ishlatmay qo‘yishidan xavotirdamiz. Shuning uchun ularga kommunal to‘lovlarda qanday yordam berishimizni o‘yladik va bu yengillikni joriy etdik”, degan Koike.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon tumanida hokim Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bilan 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan onalar o‘rtasida “Ma’rifatli ona” kitobxonlik tanlovi o‘tkazilishi, kitob o‘qigan onalarning kommunal to‘lovlari esa to‘lab berilishi xabar qilingandi.
Asolat G‘ulomnazarova
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr