Yaponiyada G7 sammitida nimalar muhokama qilinadi?
Olam
−
19 may 2023
4718Bugun, 19 may kuni ertalab Yaponiyaning Xirosima shahrida G7 sammiti ochildi. Rasmiy dastur 1945 yilda Amerika atom bombasi portlashi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan Tinchlik bog‘iga tashrif bilan boshlandi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Aytilishicha, Ukrainadagi urush 21 mayga qadar davom etadigan muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ladi. Dunyoning yetti yirik demokratik sanoat davlati – AQSH, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada yetakchilari hamda Yevropa Ittifoqi vakili Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi uchun Rossiyaga yangi sanksiyalarni muhokama qiladi.
“G7’ning barcha a’zolari yangi sanksiyalar joriy etishga va eksport nazoratini kuchaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hamkorlar nima qilayotgani haqida batafsil gapirmayman, ammo Qo‘shma Shtatlar o‘zining muhim chora-tadbirlar paketini taqdim etadi”, deydi AQSHning yuqori martabali vakili.
Shuningdek, davlat va hukumat rahbarlari Ukrainaga keyingi harbiy yordamni ham muhokama qiladi. Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari Sharl Mishelning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv mavzularidan biri Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘ladi.
Bundan tashqari, sammitdan Xitoyning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi intilishlariga qarshi turish masalasiga ham javob berish maqsad qilingan. Yig‘ilish ishtirokchilari jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat va iqlimni muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish niyatida.
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, bugun, 19 may kuni sammitning uchta ish sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Ulardan biri Ukraina mavzulariga bag‘ishlanadi. Shuningdek, sammit kun tartibida jami o‘nta sessiya va turli yon tadbirlar mavjud.