Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila bo‘ldi. Sunami xavfi e’lon qilindi (video)
Olam
−
28 iyul 4512 1 daqiqa
Bugun, 28 iyul kuni Yaponiyaning janubidagi Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila ortidan mamlakatning janubidagi Kyusyu oroli hududlari uchun sunami va favqulodda ogohlantirishlar e’lon qilindi. Bu haqda Yaponiya Meteorologiya agentligi xabar qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali zilzila qayd etilgan. Zilziladan keyin balandligi 1 metrgacha bo‘lgan sunami to‘lqini xavfi munosabati bilan ogohlantirish berilgan.
Yaponiya hukumati Kumamoto, Nagasaki, Kagoshima, Fukuoka, Saga, Oita va Miyadzaki prefekturalari uchun favqulodda zilzila ogohlantirishini e’lon qilgan. Ushbu hududlarning barchasi mamlakatning janubidagi Kyusyu orolida joylashgan.
Kyushu Electric Power kompaniyasi zilziladan keyin “Senday” va “Genkay” atom elektr stansiyalarida hech qanday nosozlik qayd etilmaganini bildirgan.
JR Kyushu temiryo‘l kompaniyasi esa zilziladan so‘ng poyezdlar harakatini, jumladan yuqori tezlikdagi “Shinkansen” qatnovlarini ham vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Yaponiya dunyoda zilzilalar eng ko‘p kuzatiladigan davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat Tinch okeani atrofidagi vulqonlar va okean chuqurliklaridan iborat “Olov halqasi”da joylashgan bo‘lib, dunyodagi 6,0 va undan yuqori magnitudali zilzilalarning taxminan 20 foizi shu yerda sodir bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Yaponiyaning shimoli-sharqiy qismida 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi.