Yaponiya Rossiya gaziga muqobil topdi
Olam
−
16 may 2022
15899Yaponiya Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirish uchun atom elektr stansiyalari faoliyatini qayta tiklashi mumkin. Bu haqda “Mitsubishi Heavy Industries” rahbari Akixito Kato “Financial Times” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
"Kelajakda Rossiyadan yoqilg‘i import qilish oson bo‘lmasligi mumkin. Xomashyoni xorijdan import qilar ekanmiz, doimo beqarorlik qo‘rquvi bo‘ladi", deydi u.
Katoning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik hozirda barqaror energiya manbai sifatida ko‘rilayotgan atom elektr stansiyalariga nisbatan qarashlarini o‘zgartirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.
Joriy yilning 31 mart kuni Putin "do‘st bo‘lmagan" davlatlarga gazni rublda sotish tartibini tasdiqladi.
Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda rus gazi uchun rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi.
Joriy yilning 27 aprel kuni Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi Polsha va Bolgariyaga to‘lovni rublda amalga oshirmagani uchun gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi.
LiveBarchasi