Yaponiya rekord darajadagi harbiy byudjet tayyorladi
Olam
−
22 avgust 2023 6664 1 daqiqa
Yaponiya Mudofaa vazirligi 2024 moliya yili uchun harbiy byudjet bo‘yicha mamlakat tarixidagi rekord summa – deyarli 7,739 trillion iyena (hozirgi kurs bo‘yicha 53 milliard dollardan ortiq) bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda Yaponiyaning yetakchi iqtisodiy gazetasi “Nikkei” xabar berdi.
Yangi harbiy byudjet, xususan, mamlakat janubi-g‘arbiy qismida AQSHdan sotib olingan so‘nggi beshinchi avlod F-35B jangovar samolyotlari bilan jihozlangan yangi eskadronni shakllantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, Aegis ko‘p maqsadli kompyuterlashtirilgan kuzatuv va yo‘l-yo‘riq tizimlariga ega qo‘shimcha ikkita esminet qurish uchun mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, keskin vaziyat yuzaga kelgan taqdirda Sharqiy Xitoy dengizidagi Tayvan yaqinidagi olis orollarga qo‘shinlarni imkon qadar tezroq joylashtirish uchun dengiz transporti otryadi ham tuziladi. U turli toifadagi kemalar va vertolyotlar bilan jihozlanadi.
Qurolli kuchlarda yangi yagona integratsiyalashgan aloqa va axborotni qayta ishlash tizimini, shuningdek, potensial dushman hududiga zarba berishga qodir uzoq masofali raketalarni rivojlantirishni jadallashtirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joizki, joriy moliyaviy yilda harbiy xarajatlar allaqachon rekord darajadagi 6,8 trillion iyen (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 47 milliard dollar)ni tashkil etgan. O‘tgan yilning mudofaa byudjeti 1,25 barobar ortig‘i bilan bajarilgan. 2027 yilga kelib, Yaponiya hukumati NATO modeliga amal qilib, harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha oshirish niyatida.
Live
Barchasi