Yaponiya muxolifati Kisida hukumatiga ishonchsizlik votumi bildirmoqchi

Olam

image

Yaponiyaning muxolifatdagi Konstitutsiyaviy-demokratik partiyasi raisi Bosh vazir Fumio Kisida hukumatiga ishonchsizlik votumi bildirish bo‘yicha taklif kiritish niyati borligini ma’lum qildi. Bu haqda “Kyodo” agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, partiya ertaga, 16 iyun kuni taklif bilan chiqish niyatida. Muxolifat partiyasi mudofaa ehtiyojlarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun maxsus jamg‘arma tuzish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshiligini bildirgan. Bu qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish 16 iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 

Shu hafta boshida Fumio Kisida matbuot anjumanida muxbirning parlamentning asosiy quyi palatasini tarqatib yuborish imkoniyati haqidagi savoliga javob berar ekan, turli vaziyatlarni baholagandan so‘ng qaror qabul qilish niyatida ekanligini yana bir bor ta’kidlagan.

Shu bilan birga Yaponiya ommaviy axborot vositalarida agar ishonchsizlik votumi taklifi hali ham ilgari surilsa, Yaponiya Bosh vaziri muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga qaror qilishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalmoqda. U mazkur chorani imperator Naruhitoning keyingi hafta, 23 iyun kuni Indoneziyaga rasmiy tashrifidan oldin amalga oshirishi mumkin.

Parlament quyi palatasini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qaror Yaponiya hukumati rahbari – bosh vazirga tegishli, biroq tarqatib yuborish akti imperator tomonidan amalga oshiriladi. Yaponiya parlamenti quyi palatasi amaldagi a’zolarining vakolat muddati 2025 yil oktyabr oyida tugaydi.

Eslatib o‘tamiz, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida shu haftada parlamentning asosiy quyi palatasi tarqatib yuborilishi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e’lon qilishi mumkinligi aytilgan edi.

Avvalroq, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li Syotaro Kisidani siyosiy kotiblik lavozimidan bo‘shatgan edi. Bunga o‘g‘lining o‘tgan yili do‘stlari bilan Bosh vazirning rasmiy qarorgohida Yangi yil kechasini o‘tkazgani tasvirlangan suratlar tarqalib ketgani va bu keng noroziliklarni keltirib chiqargani sabab bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Kisida

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing