Yaponiya konsuli hibsga olingani uchun Rossiyaga talab qo‘ydi

Olam

image

Rossiyaning Yaponiyadagi elchisi Mixail Galuzin kecha, 26 sentyabr kuni mamlakat TIVga chaqirildi va Yaponiyaning Vladivostokdagi bosh konsulligi konsuli Motoki Tatsunorining hibsga olinishi munosabati bilan unga norozilik bildirildi. Bu haqda bugun, 27 sentyabr kuni Tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi ma’lum qildi, deyiladi departament matbuot xizmati xabarida.

“Rossiya tomonining harakatlari Vena konvensiyasini buzish hisoblanadi va bu mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Bugun bunga javoban Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari janob [Takeo] Mori Rossiyaning Yaponiyadagi elchisi janob Galuzinni Tashqi ishlar vazirligiga chaqirib, u yerda keskin norozilik bildirdi va Rossiya tomonidan rasmiy uzr so‘rashni talab qildi. Men Rossiya tomonini Yaponiya tomonining noroziligi va taklifini jiddiy qabul qilishga chaqiraman”, deydi u.

Xayashining ta’kidlashicha, “ushlangan konsul noqonuniy xatti-harakatlar qilmagan”. Vazir, shuningdek, diplomatning hibsga olinishida “majburlash choralari qo‘llanilganini” tanqid qildi. Tashqi ishlar vazirining qo‘shimcha qilishicha, qo‘lga olingan shaxs allaqachon qo‘yib yuborilgan.

Keyin Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Yaponiya elchixonasi maslahatchisi-elchisini chaqirgan, unga keskin norozilik bildirilgan va tegishli mazmundagi nota topshirilgan. Vazirlikning qayd etishicha, konsul persona non grata deb e’lon qilingan va 48 soat ichida Rossiyani tark etishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 26 sentyabr kuni yapon diplomati Motoki Tatsunori pul evaziga Rossiyaning boshqa davlatlardan biri bilan hamkorligining dolzarb jihatlari to‘g‘risida cheklangan ma’lumotni olayotganda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Yaponiya konsul

Baholaganlar

627

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing