Yaponiya Bosh vaziri Kim Chen In bilan istalgan vaqtda uchrashishga tayyor
Olam
−
15 Sentabr 2023
4119Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida KXDR yetakchisi bilan istalgan vaqtda uchrashishi mumkin. Bu haqda Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Xirokadzu Matsuno navbatdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Bosh vazir Kisida istalgan vaqtda rais Kim Chen In bilan hech qanday shartlarsiz bevosita muloqot qilishga tayyor”, degan u.
Matsunoning ta’kidlashicha, Bosh vazir KXDRga Yaponiya-Shimoliy Koreya munosabatlaridagi barcha mavjud muammolarni hal qilishga va ikki tomonlama munosabatlarning “yangi eshigini ochish” tarafdori.
“Sammit uchrashuvi o‘tkazilishi kerak va biz bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni Bosh vazirning shaxsiy nazorati ostida yuqori darajadagi maslahatlashuvlar orqali davom ettirish niyatidamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Matsuno.
Qayd etish joizki, oldin Kisida ham so‘nggi yillarda o‘zidan oldingi rahbarlar singari Shimoliy Koreya razvedkasi tomonidan o‘g‘irlab ketilgan Yaponiya fuqarolari muammosini hal qilish uchun Kim Chen In bilan shaxsan uchrashmoqchiligini bir necha bor ta’kidlagandi.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya razvedka xizmatlari tomonidan yaponlarning o‘g‘irlanishi mavzusi rasmiy diplomatik aloqalari uzilgan ikki davlat o‘rtasida eng og‘riqli mavzulardan biri hisoblanadi. 2002 yilda Pxenyan ilk bor “atigi” 13 nafar yapon fuqarosi o‘g‘irlab ketilganini tan oldi va ulardan besh nafariga o‘z vataniga qaytishga ruxsat berdi. Qolganlarining jasadlari qarindoshlariga jo‘natildi. Biroq fuqarolarning haqiqiyligini tasdiqlab bo‘lmadi. 2014 yilning may oyida Yaponiya va Shimoliy Koreya hukumatlari fuqarolarning o‘g‘irlanishi bo‘yicha yangi tergov o‘tkazishga kelishib olgan, biroq bu bilan shug‘ullangan komissiya keyinchalik Pxenyan tashabbusi bilan tarqatib yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 sentyabr kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Rossiyada Prezident Putin bilan ko‘rishgandi.
Uchrashuv haqida tayyorlangan videoni QALAMPIR.UZ'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin