Yanvarda yoshi 50 dan oshgan 117 ayol va 448 erkak turmush qurgan

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning yanvar oyida yoshi 50 dan oshgan 117 nafar ayol va 448 nafar erkak turmush qurgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Statqo‘mga ko‘ra, yanvar oyida 20 yoshgacha nikoh qurish bo‘yicha qizlarning oshig‘i olchi bo‘lgan. O‘tgan oyda 5 844 nafar 20 yoshgacha bo‘lgan qiz turmushga chiqqan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 181 ta 20 yoshgacha bo‘lgan yigitchalar kuyov bo‘lgan. 

Yigitlar va qizlar orasida oila qurish yoshining 20-30 yosh oralig‘i eng yaxshi davr sifatida tanlanayotganini quyidagi ma’lumotdan ham ko‘rish mumkin. O‘tgan oy 20-30 yosh oralig‘idagi 12 230 ta qiz va 16 374 ta yigit oila qurgan. 

O‘ttizdan o‘tgan o‘tin, qirqqa chiqqan qirchillagan degan gaplarni qo‘ying. Turmush qurish borasida bu yoshdagilar ham chakki emas. 31-40 yosh oralig‘idagi 1 872 ayol, 2 618 erkak yanvarda o‘z juftini topgan.

41-50 yosh orasida turmush qurganlar esa jami 1 132 nafar bo‘lib, ularning 365 nafarini ayollar, 767 nafarini erkaklar tashkil etmoqda. 

Muhabbat yosh tanlamaydi. Shu ma’noda o‘tgan oyda 51 va undan katta yoshdagi 117 nafar ayol va 448 erkak turmush qurishga jazm qilgan. 

Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonda 305 082 ta nikoh holatlari qayd etilgan. Nikohdan ajralish holatlari esa 39 227 tani tashkil qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

nikoh turmush

Baholaganlar

126

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing