Yangiyo‘lda 1,5 gektar yer uchun 750 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
08:35 1301 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 1,5 gektar yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 750 ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, Yangiyo‘l tumanida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1,5 gektar yer maydonini arxitektura va kadastr tizimida ishlovchi tanish mansabdorlar orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Evaziga u fuqarodan 750 ming dollar talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qonunbuzar so‘ralgan pulning avvaldan kelishilgan 20 ming dollar qismini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida “Mirzo Ulug‘bektumangaz” AJ xodimi bilan bog‘liq firibgarlik va korrupsion holat fosh etilgandi.
Live
Barchasi