Yangiyerda Toshkent kimyo-texnologiya institutining filiali tashkil etiladi
Jamiyat
−
07 may 2019
3657Vazirlar Mahkamasining “Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Hujjat bilan “O‘zkimyosanoat” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Sirdaryo viloyati hokimligining Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
hududda kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika hamda texnologik tendensiyalarni hisobga olgan holda, ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallagan malakali kadrlarni tayyorlash;
Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq qilish;
kimyoviy texnologiyalarning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini yechishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish;
respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
vebinar ta’lim usullarini joriy etish va rivojlantirish.
Filial Toshkent kimyo-texnologiya institutining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Filialga talabalarni qabul qilish sonini o‘rnatilgan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
LiveBarchasi