Yangiliklar o‘qishdan voz kechayotganlar rekord darajada ko‘paydi

Bu qiziq

image

Dunyo bo‘yicha ko‘plab insonllar yangiliklarni o‘qishdan ataylab voz kechmoqda. Bugun bunday qilayotganlar soni respondentlar orasida rekord darajaga – 40 foizga yetgan. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 29 foizdan oshmagan. Bu haqda Oksford universiteti qoshidagi Reuters jurnalistikani o‘rganish instituti tadqiqot o‘tkazgan.

So‘rovnomada qatnashganlarning ko‘pchiligi yangiliklardan voz kechish sababini kayfiyatga salbiy ta’siri, uzluksiz xabar oqimidan charchash, urushlar va falokatlarga ortiqcha e’tibor qaratilishi hamda voqealarga ta’sir qila olmaslikdan kelib chiqadigan ojizlik hissi bilan izohlagan.

Tadqiqot ishtirokchilaridan biri Mardett Berr 8 yil avval yangiliklarni o‘qishni bas qilganini, shundan beri doimiy xavotir hissi yo‘qolib, uyqusi yaxshilanganini aytgan. Britaniyalik Julian Berret esa pandemiya davrida ataylab axborot maydonini tark etgan. U barcha OAV ilovalarini o‘chirib tashlagan va hatto Reddit'da yangiliklardan voz kechishning ijobiy hamda salbiy tomonlarini muhokama qiladigan guruh ham ochgan.

“Shunga qaramay, hamma foydalanuvchilar ham bunday keskin qadamga tayyor emas. Ayrimlari faqat sarlavhalarni ko‘rish bilan chegaralanadi, boshqalar esa diqqat bilan tanlab olingan OAVga obuna bo‘lib, haftasiga bir marta umumiy ma’lumotlarni o‘qiydi”, deyiladi xabarda.

Tadqiqot hammualliflari va “Yangiliklardan qochish” kitobi mualliflarining qayd etishicha, yangiliklardan qochish odatda yoshlar, ayollar va past ijtimoiy-iqtisodiy qatlamlar orasida ko‘proq uchraydi. Bundan tashqari, bu ko‘rsatkich mamlakatga ham bog‘liq. Masalan, Buyuk Britaniyada 46 foiz, AQSHda esa 42 foiz fuqarolar yangiliklardan qochmoqda.

“Biz 24/7 yangiliklarni o‘qishi mumkin bo‘lgan va istalgan vaqtda axborot oqimiga ko‘miladigan dunyoda yashayapmiz. Ammo bu sen majburiy tarzda buni qilishing kerak degani emas”, deydi Minnesota universiteti qoshidagi Jurnalistika markazi direktori Benjamin Toff.


Maqola muallifi

Teglar

tadqiqot yangiliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing