Yangi yilning birinchi haftasida ob-havo qanday bo‘ladi?
Jamiyat
−
30 dekabr 2019
7322Sanoqli kunlardan keyin yangi – 2020 yilni qarshi olamiz. Xo‘sh, kirib kelayotgan yangi yilning birinchi haftasida ob-havo qanday bo‘ladi. Bu savol bilan Gidrometeorologiya xizmati markaziga yuzlandik.
Bugun, 30 dekabr kuni Kavkaz hududidan kirgan sovuq va nam havo oqimi sababli O‘zbekistonning ba’zi joylarida havo harorati pasayib 5-10 daraja iliq, shimolda 0-5 daraja iliqni tashkil etadi.
Ertaga, 31 dekabr kuni respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik to‘xtaydi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechqurun va ertalab kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Farg‘ona vodiysida kun davomida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.
Yangi yil kechasi 2020 yilni O‘zbekiston aholisi afsuski, qorsiz kutib oladi! Antitsiklon chegarasi ta’siri natijasida harorat kechasi manfiy ko‘rsatkichlargacha pasayib 0-5 daraja iliqni ayrim joylarda 2 daraja sovuqni tashkil qiladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston aholisi Yangi yilning birinchi kunini mintaqaga xos bo‘lgan yog‘ingarchiliklarsiz, quyoshli ob-havo bilan qarshi oladi. Kunduzi havo harorati 7-12 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Turkmaniston hududidan nam havo oqimi chiqishi bilan respublikamizning janubiy hududlarida 2 yanvarda, 3 yanvarda markaziy hududlar bo‘yicha bulutlar ko‘payadi, ayrim joylarga kuchsiz yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 5-10 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
4 yanvarda ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Harorat foni saqlanib turadi va me’yorga yaqin bo‘ladi.