Yangi yilda Ukrainadagi urush taqdiri hal bo‘ladi – Yermak
Olam
−
14 noyabr 2023
9185Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak 2024 yil Ukrainadagi urushda hal qiluvchi palla bo‘lishini aytdi. Bu haqda u 13 noyabr kuni Vashingtondagi Gudzon institutidagi chiqishida aytib o‘tdi.
"Burilish nuqtasi yaqinlashmoqda ... Kelgusi yil hal qiluvchi palla bo‘ladi", degan Yermak.
Yermakning fikricha, Ukrainani ham qiyin qish kutmoqda. Uning ta’kidlashicha, Kiyev "hozirda qurolga muhtoj", ayniqsa havo hujumidan mudofaa tizimlari. Shu bilan birga, idora rahbari Ukraina rasmiylari G‘arbdan olingan qurollarning "har biri uchun hisob berishga qodir" deb aytgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 13 noyabr kuni Vashingtonga tashrif buyurgan Andrey Yermak prezident Bayden ma’muriyati va Davlat departamenti bilan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazgan.
Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Yermak bilan yopiq uchrashuvda qish oylari yaqinlashayotgan paytda Ukraina ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish choralarini muhokama qilgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda esa Ukraina delegatsiyasi frontdagi vaziyat va Ukraina Qurolli kuchlarining, xususan, havo hujumidan mudofaa tizimlariga bo‘lgan shoshilinch ehtiyojlarini muhokama qilgan.
Ukraina delegatsiyasi bilan uchrashuvda AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland va Davlat kotibining Sharqiy Yevropa bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Kris Smit ham ishtirok etgan.
Yermakning Telegram'da yozishicha, Rossiyaning joriy qishda Ukrainaning energetika infratuzilmasiga hujumlari kuchayishi ham kutilyapti.
"Ukrainaga shaharlarni, muhim infratuzilma ob’ektlarini, shuningdek, don yo‘laklarini himoya qiladigan havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlari kerak", deydi Andrey Yermak.
Ukraina Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko boshchiligidagi Ukraina delegatsiyasi esa amerikalik hamkasblari bilan Ukraina va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida 12 iyul kuni Vilnyusda imzolagan G7 qo‘shma deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama bitim tuzish masalasini muhokama qilgan.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar va muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukrainani tiklashga yo‘naltirish mexanizmi masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Bugun, 14 noyabr kuni Ukraina delegatsiyasi amerikalik kongressmenlar va senatorlar bilan uchrashib, ularni Isroil va Ukrainaga yordamni bir paketda ajratish uchun ovoz berishga ishontirishi rejalashtirilgan.
Ukraina delegatsiyasining Qo‘shma Shtatlarga tashrifi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (ASEAN) rahbarlarining San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi oldidan amalga oshirilmoqda, unda AQSH Prezidenti Jo Bayden Xitoy rahbari Si Szinpin va Global Janub yetakchilari bilan uchrashib, xavfsizlik arxitekturasi va xalqaro vaziyatni muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy mamlakatdagi mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytgandi. Keyinchalik Prezident Vladimir Zelenskiy buni rad etib, frontdagi vaziyatni boshi berk ko‘chada, deb hisoblamasligini aytgandi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa uning mamlakati "tarixdagi eng yomon qishga" tayyorlanayotganini va o‘zi allaqachon sham sotib olganini bildirgandi.
LiveBarchasi