Sportdagi sarhisob. 2024 – O‘zbekiston sportida nimalar o‘zgardi?
Sport
−
29 dekabr 2024
1991Yakunlanayotgan 2024 yil o‘zbek sportida ko‘plab unutilmas, hayajonli va shov-shuvli voqealar bilan yodda qoldi. Mazkur yilda O‘zbekiston o‘z tarixidagi eng yaxshi Olimpiadani o‘tkazdi va ko‘plab yirik turnirlarga mezbonlik qildi, o‘zbek sportchilari jahon arenalarida tarixiy natijalarni qayd etdi va shu bilan birga, yil oxiriga yaqin kelganda O‘zbekiston yirik turnir mezbonligidan mahrum bo‘ldi.
Bugun QALAMPIR.UZ sizga o‘zbek sporti uchun mulohazali, omadli va ba’zida alamli tarzda o‘tgan 2024 yil sarhisobini taqdim etib, eng muhim voqeliklarni yana bir bor yodga oladi.
O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi Olimpiada
2024 yilda bir qator muhim va nufuzli sport musobaqalari o‘tkazilgan bo‘lsa ham, baribir nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo e’tibori yozda Parij shahri mezbonlik qilgan Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlariga qaratildi. 26 iyuldan 11 avgustga qadar bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston o‘z tarixidagi eng katta tarkib bilan qatnashib, Olimpiadalardagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 19 ta sport turida 90 nafar sportchi bilan 75 ta litsenziya bo‘yicha bahslarga kirishib, musobaqa yakunlariga ko‘ra, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal bilan umumjamoa hisobida Vengriya, Ispaniya, Braziliya va boshqa ko‘pgina nomdor mamlakatlarni ortda qoldirib, 13-o‘rinni egalladi.
Parij Olimpiadasining o‘zbek sporti uchun alohida ahamiyatli jihati bahsda ilk marta futbol turida ham O‘zbekiston jamoasining ishtirok etgani bo‘ldi. Temur Kapadze murabbiyligidagi Olimpiya jamoasi garchi musobaqada qoniqarli natija qayd eta olmagan bo‘lsa ham, turnirda qatnashish orqali o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi.
Parij Olimpiadasida O‘zbekistonga dastlabki medalni -52 kg vaznda dzyudo bahslarida ishtirok etgan Diyora Keldiyorova taqdim etdi. Keldiyorova Parijda O‘zbekistonga birinchi medalni keltirish barobarida, O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan ilk ayol sportchi bo‘ldi. Ayniqsa, Keldiyorovaning dzyudo vatani bo‘lmish Yaponiya vakili Uto Abeni mag‘lub etishi butun dunyoda ham katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
To‘rt yillikning eng yirik sport musobaqasida O‘zbekistonga eng ko‘p va yuqori probadagi medallarni kutilganidek boks terma jamoasi taqdim etdi. O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari delegatsiya hisobiga 5 ta oltin medalni taqdim etib, tarixiy g‘alabaning asosini tashkil qilib berdi.
Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashidov va Hasanboy Do‘smatov kabi sportchilar ikki karra yozgi Olimpiada o‘yinlari g‘olibi degan nomga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Olimpiadada erkin kurash bahslarida ishtirok etgan asli chechenistonlik Razambek Jamalov ham O‘zbekiston hisobiga oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
Olimpiada bahslaridan keyin barchaning e’tibori 24 avgustdan 8 sentyabrga qadar o‘tkazilgan Paralimpiada o‘yinlariga qaratildi. Qizig‘i, olimpiyachilar singari paralimpiyachilar ham umumjamoa hisobida 13-o‘rinni band etdi. O‘zbekistonlik matonat egalari 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza, jami 26 ta medalga ega chiqdi.
Olimpiada va Paralimpiada g‘oliblariga 200 ming AQSH dollari, ikki qavatli kottej va Tahoe avtomobili, 2-o‘rin sohiblariga 100 ming AQSH dollari, uy va BYD, bronza medal egalariga esa 50 ming dollar, BYD va uy kalitlari topshirildi.
O‘zbekiston ilk bor FIFA tasnifidagi musobaqaga mezbon bo‘ldi
14 sentyabrdan 6 oktyabrga qadar O‘zbekiston futzal bo‘yicha tarixiy Jahon chempionatiga mezbonlik qildi. 2023 yilning iyun oyida O‘zbekiston futzal mundialiga mezbonlik qilishi aniq bo‘lgandi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mezbonlikni qabul qilib olgach, katta tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Avvalo mamlakat jamoasining o‘zi mezbonligidagi mundialda munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida futzal “Gvardiolasi” deb ta’rif beriladigan ispaniyalik dunyoga mashhur mutaxassis Xose Venansio Lopes terma jamoa ustozi etib tayinlandi.
O‘zbekistonning 3 ta shahri – Toshkent, Andijon va Buxoroda JCH bahslari yuqori saviyada o‘tkazildi, biroq mezbonlarning turnirdagi ishtiroki saviyali chiqmadi. Venansio Lopes shogirdlari guruh bosqichida 2 ta durang, 1 ta mag‘lubiyat qayd etib, guruh bosqichidayoq ishtirokini yakunladi.
6 oktyabr kuni turnir o‘z yakuniga yetdi. Toshkentdagi “Humo Arena”da bo‘lib o‘tgan finalda Janubiy Amerikaning eng kuchli ikki jamoasi to‘qnash keldi.
12 yillik tanaffusdan so‘ng Braziliya qit’adosh jamoa – Argentina ustidan g‘alaba qozonib, yana dunyoda tengsiz bo‘ldi. Bu bilan Braziliya 6 marta jahon chempioniga aylandi.
3-o‘rin uchun kechgan bahsda esa Fransiya Ukrainaga 1:7 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Argentina kumush medalga sazovor bo‘ldi.
7 oktyabr kuni futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. O‘FA rahbariyati hamda bosh murabbiy Xose Venansio Lopes qatnashgan yig‘ilishda jamoaning musobaqadagi ishtiroki tanqidiy ko‘rib chiqilib, Lopes ishdan bo‘shatildi.
Garchi O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan bo‘lsa ham, mamlakat FIFA tasnifidagi yirik turnir mezbonligi bilan bu borada o‘zi uchun yaxshigina tajribaga ega bo‘ldi.
O‘zbek boksi tarixida yangi sahifa ochgan Madrimov
Ortda qolayotgan yilning aprel oyida o‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov amerikalik yengilmas bokschi, vazn toifasidan qat’i nazar (P4P) yetakchilaridan biri Terens Kroufordga qarshi jang qilishi aniq bo‘ldi va tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuv 3 avgust kuni AQSHning Los-Anjeles shahridagi 22 ming tomoshabin sig‘imiga ega “BMO Stadium” arenasida bo‘lib o‘tdi.
Janggacha bo‘lgan davrda face-to-face marosimlaridan biri Nyu-Yorkning tashrif qog‘ozlaridan biri Time Square’da o‘tkazildi, bu esa O‘zbekiston nomining butun dunyoga mashhur bo‘lishida yana bir turtki bo‘ldi.
Jang esa hakamlarning bahsli qarori evaziga 37 yoshli Kroufordning foydasiga hal bo‘ldi, biroq bu jang tom ma’noda o‘zbek boksidagi katta burilish bo‘ldi.
Madrimovga ko‘ra, Krouford bilan jang faoliyatidagi eng yaxshisi hisoblanadi, garchi O‘zbekiston vakili to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham.
“Albatta, Krouford bilan jang faoliyatimdagi eng yaxshisi. Biz jangdan oldin o‘ylagan taktikamizni ringda ko‘rsata oldik va men yaxshigina tajriba yig‘dim. O‘zimga bo‘lgan ishonchim yanada ortdi. Xulosa qildimki, har qanday kuchli bokschi bilan jang qilsa va kerak bo‘lsa, g‘alaba qozonsa bo‘ladi”, deydi Madrimov.
E’tiborlisi, mazkur jangdan so‘ng Madrimov katta boks kechalarining asosiy kardidan tushmayapti.
“Riyadh Season” 22 fevral kuni bo‘ladigan turnirda Madrimov amerikalik Virjil Ortisga qarshi ringga ko‘tarilishini ma’lum qildi. Undan avval esa 29 yoshli o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining ukrainalik Sergey Bogachuk bilan jangi 21 dekabr kuniga belgilandi, biroq bu jang bekor qilindi.
Madrimov o‘tkir bronxit tufayli mazkur jangda ishtirok eta olmaydi. Uning o‘rnini 21 dekabr kuni angliyalik Ishmael Devis egallaydi.
Isroil Madrimov endi 2025 yilning 22 fevral kuni 26 yoshli Virjil Ortis bilan jang qiladi.
Xullas, Madrimov-Krouford jangi ortda qolayotgan yilda o‘zbek sportidagi eng katta voqeliklardan biri bo‘ldi.
Prezident qo‘liga o‘tgan sport
Ortda qolayotgan yil nihoyat O‘zbekistondagi yirik sport tashkilotlardan biri Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy rahbariga ega bo‘lgani bilan ham yodda qoldi. 25 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining 41-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi va unda tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, tashkilot raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surildi va bir ovozdan saylandi.
2019-2022 yillarda Rustam Shoabdurahmonov rahbarligidan keyin rasmiy rahbari bo‘lmagan Milliy Olimpiya qo‘mitasining raisligini endi shaxsan hujjatda ham, amalda ham Shavkat Mirziyoyev o‘z qo‘liga oldi.
Mirziyoyevning kenja kuyovi, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari va Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov tashkilotda Prezidentning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib boradigan bo‘ldi.
Shu vaqtgacha Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi raisi bo‘lib ishlab kelgan Sherzod Toshmatov esa o‘z lavozimida faoliyat yuritishda davom etadi.
Shavkat Mirziyoyev bu lavozimga Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligi, O‘zbekistonning ko‘p ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosiga binoan saylandi.
Yangi rahbariyat oldiga esa 2028 yil AQSHda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlariga sportchilarning puxta tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash va tashkilot ustaviga muvofiq Olimpiya harakatini rivojlantirish, olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib etish, respublika aholisini jismoniy va ma’naviy tarbiyalashga, jismoniy tarbiya va sport, ayniqsa, milliy sport turlari, nogironlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga har taraflama ko‘maklashish va boshqa bir qator vazifalar qo‘yildi.
Toshkentdan Osiyo o‘yinlari mezbonligi olib qo‘yildi
Sportning tepasiga shaxsan Prezident kelgan bo‘lsa ham, O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari mezbonligini o‘zida saqlab qola olmadi.
Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) O‘zbekistondan Osiyo o‘yinlari mezbonligini olib qo‘yib, 2025 yilgi Osiyo o‘smirlar o‘yinlarini Bahraynga ishonib topshirdi.
2 dekabr kuni Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Onlayn formatda tashkil etilgan majlis kun tartibida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Sport vazirligining murojaati ko‘rib chiqildi.
Pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda O‘zbekiston tomoni OOKdan III yoshlar Osiyo o‘yinlari muddatini yana bir yilga surishni so‘radi.
Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari 2025 yilda tashkil etilishi muhimligini bildirdi.
Shu tufayli, OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari mezbonligini Bahraynga topshirdi va O‘zbekistonga Islom birdamligi o‘yinlari yoki Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qildi.
2020 yilning 7 avgustida hukumatning “2025 yilda O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasidagi yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 468-son qarori qabul qilingandi.
2022 yil shaxsan davlat rahbari, bugungi kunda Milliy Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti sifatida faoliyat yuritayotgan Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Yashnobod tumanida 100 gektar maydonda qiymati 289 million dollardan oshuvchi qurilish loyihasiga tamal toshini qo‘ydi.
Bosh loyihachi – Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan hamkorlikda Yashnobod tumanidagi 100 gektar joyda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgandi, biroq endi O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari mezboni emas.
Xo‘sh, endi loyiha taqdiri nima bo‘ladi? MOQ tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, bu savolga atroflicha javob olish mumkin.
“Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ommaviy sport va olimpiya harakatini rivojlantirishga sodiq qolmoqda. Shu ma’noda, Olimpiya shaharchasini barpo etish, undan unumli foydalanish va uning negizida sportimizni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlar ijrosi ta’minlanadi va kelajakda bu majmua yirik sport tadbirlarini o‘tkazishga har tomonlama tayyor bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.
Ruslan Nuriddinov o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangiladi
Bahraynda bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ruslan Nuridinov jahon rekordini o‘rnatib, chempion bo‘ldi.
Chempionatda -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik atlet dast ko‘tarish mashqida 182 kg bilan beshinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa ham, siltab ko‘tarish dasturida 242 kg bilan 3 yil avval Toshkentda o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangiladi. Shu tariqa uning umumiy hisobda qayd etgan 424 kg natijasini boshqa sportchi yangilay olmadi va Nuriddinov uchinchi bor ikki kurash bo‘yicha jahon chempionligiga erishdi.
Dast ko‘tarish yo‘nalishida oltin medalga ega chiqqan Sharofiddin Amriddinov siltab ko‘tarishda 212 kg bilan oltinchi, umumiy hisobda esa 396 kg bilan beshinchi bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham, barcha yo‘nalishlardagi oltin medallar O‘zbekiston terma jamoasi vakillariga nasib etdi.
Ha aytgancha, Nuriddinov 33 yoshda. Faoliyati davomida Olimpiada, Osiyo va boshqa bir nechta yirik turnirlarda zafar quchgan Nuriddinov hamon yaxshi formada va shohsupalarning eng yuqorisida. Og‘ir atletikada yangi yosh avlod yetishib chiqayotgan bir paytda, yoshi o‘ttizdan oshgan bo‘lsa ham rekordlarni ko‘rdim demayotgan Nuriddinovning g‘alabasini yilning eng esda qolarli voqealaridan biri sifatida e’tirof etmasak, ochig‘i, adolatdan bo‘lmasdi.
Futboldagi o‘sish
Yil so‘ngiga kelib, doimgiday mavsum davomida o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan nomlar taqdirlandi, jumladan millionlar o‘yini bo‘lmish futbolda ham.
11 dekabr kuni Toshkent shahridagi “Bunyodkor” stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlariga ko‘ra, yilning eng yaxshilarini aniqlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimning asosiy sovrinlari mavsum chempionlari hisoblanmish Qarshining “Nasaf” klubi vakillariga nasib etdi. Jumladan, O‘zbekiston chempionatida yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida Ro‘ziqul Berdiyev e’tirof etilgan bo‘lsa, Akmal Mozgovoy eng yaxshi futbolchi deb topildi.
14 dekabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida o‘zbek futbolida yilning eng yaxshilarini aniqlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekistonning eng yaxshi futbol murabbiyi sifatida Temur Kapadze e’tirof etildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayev esa O‘zbekistonning 2024 yildagi eng yaxshi futbolchisi sovrinini qabul qilib oldi.
O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi sovrinini qabul qilib olgan Abbosbek Fayzullayev ovoz to‘plash jarayonida Abduqodir Husanovni atigi 1 ballga ortda qoldirdi.
Ortda qolayotgan yil Olimpiadada Bahodir Jalolovning ovqat masalasida so‘z ochib, o‘zi bilmay O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadzening “tomorqasiga tosh otishi”, Olimpiya chempionining Prezident sovg‘a qilgan avtomobilda shahar ko‘chalarida katta tezlikda harakatlanib qoida buzishi, O‘zbekistonda Basketbol va suzish federatsiyasi rahbarlari tashkilot mablag‘ini o‘z ehtiyoji yo‘lida talon-toroj qilishi va boshqa bir qator shunga o‘xshash tanqidiy izohlarga sabab bo‘luvchi holatlar bilan ham yodda qoldi. Bu mavzular haqida QALAMPIR.UZ yil davomida bot-bot ta’kidladi, materiallar tayyorladi.
O‘ylaymizki, o‘zbek sporti 2024 yilda yo‘lga qo‘yilgan xato-kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, 2025 yilda bizni kamroq achchiq xabarlar tayyorlashga majbur qiladi.
Kelayotgan yil xayrli va g‘alabali bo‘lsin!
LiveBarchasi